Zamon.uz' o`zbek estradasi yorqin yulduzlarining fikrlari bilan qiziqdi.
Yangi yil kirib kelishiga ham oz fursat qoldi. O`tayotgan har bir daqiqa sizu bizni yangi 2022 yil tomon tobora etaklayapti. Yangi yil bayrami shukuhi o`zgacha va sehrli. Bu bayramni kattayu-kichik intizorlik bilan kutadi. Aksariyat insonlar bu bayramni oila davrasida kutib olsa, boshqalar do`stlar davrasida, yana ko`pchilik esa sayohatda kutib olishni xush ko`radi. Xo`sh, bu yilgi bayramni o`zbek shou-biznesi vakillari qanday va qaerda kutib olishni rejalashtirmoqda. Biz ularni suhbatga tortdik.
Bu yil ko`plab yutuqlarga erishgan Oybek va Nigora juftligi Yangi yilni oila davrasida kutadi

— Yangi yil bayramini doimgidek oila davrasida kutib olamiz. Qaerda nishonlansa ham oilasi bilan birga bo`lgani yaxshi.Chunki bu oilaviy bayram.
Biz uchun bu yil ijodda ham shaxsiy hayotda ham judayam serhosil bo`ldi. Oilamizga yana bir a`zo qo`shildi — qizaloqli bo`ldik. Ijodimizda ham yangiliklar ko`p bo`ldi. Muxlislarimizga juda ko`p qo`shiq va kliplar tuhfa etdik. Bundan buyog`iga ham ijoddan to`xtash niyatimiz yo`q. Kelasi yil yanayam dilga yaqin qo`shiqlar va kliplarni taqdim etamiz. Yangi konsert dasturini taqdim etish niyatimiz ham bor.
Kelayotgan yilda barchaning o`ylagan orzu-niyatlari ushalsin. Barcha oilalarga keng rizq, qut-baraka tilaymiz. Barchaga sevib-sevilib yurish nasib etsin!
Yigitali va Muqaddas 2021 yildan minnatdor

Yangi yil kirib kelishini har bir yurtdoshimiz o`z oilasi davrasida, to`kin dasturxon atrofida qarshi oladi. Biz ham bayramni oila davrasida nishonlaymiz. Bayram dasturxoniga o`zimiz taom pishiramiz. 1 yanvar kuni esa ota-onamizni ko`rgani boramiz. Tabiiyki, bu bayramni archasiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Menimcha, har bir oilada Yangi yil bayrami shunday kutib olinsa kerak. Albatta, archa tagiga farzandlarimiz uchun sovg`alar qo`yishni yoddan chiqarmaymiz. Yangi yilning zavqi ham aynan shunda.
Biz turmush qurganimizdan keyin asal oyini nishonlamagan edik. Shu yili Sharm-el-Sheyxga bordik. Asal oyini nishonlab keldik. Yana bir yangilik. Yaqinda o`zimiz istagan o`zimiz yoqtirgan katta uyga ko`chib o`tdik. Yangi yilni shu uyimizda nishonlaymiz.
Kelayotgan yilda esa ulkan maqsadlarni oldinga qo`yganmiz. Oilaviy biznes boshlash arafasidamiz.
Oilaviy tadbirkorlikni yo`lga qo`ygan juftliklar xonanda Rayhon G`anieva va Farxod Alimovlar ham bayramni oila hamda do`stlar davrasida nishonlashni rejalashtirmoqda

— 2021 yil biz uchun qaysidir ma`noda omadli yil bo`ldi, — dedi Farhod Alimov. — Ijodda ijobiy o`zgarishlar bo`ldi. Oilaviy tadbirkorlikni yo`lga qo`ydik. Kelgusi yilda ushbu yo`nalishni yanada kengaytirmoqchimiz. Rejalarimiz katta, maqsadimiz aniq.
Yangi yil bayramini oila davrasida kutamiz. Farzandlarim va rafiqamga sovg`a tayyorlab qo`yganman. Buni Rayhon bilmaydi. Surprizim unga yoqadi, deb o`ylayman.






