AsosiyDunyo

“Omikron”: Dunyoda epidemiologik vaziyat kundan kun murakkablashmoqda

'“Omikron”: Dunyoda epidemiologik vaziyat kundan kun murakkablashmoqda'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining so`nggi bayonotida koronavirusning “omikron” shtammi aniqlangan mamlakatlar soni 110 taga etgani e`lon qilingandi. Ammo o`tgan sanoqli kunlar ichida bu ro`yxat yana kengaydi.

O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot kotibining xabariga ko`ra, yangi variant ilk bor Belarus Respublikasida ham qayd etildi. Tekshiruvlar yakunida bu infeksiyani bir yo`la 4 nafar fuqaro yuqtirgani ma`lum bo`ldi. Mamlakat Sog`liqni saqlash vazirligi xabariga ko`ra, hozir bemorlarning ahvoli stabil, xastalik engil alomatlar bilan kechmoqda.

Yaqin haftalarda “omikron” dunyo aholisining katta qismi yashaydigan Hindiston uchun ham jiddiy “boshog`riq”qa aylanishi mumkin. Chunki bu erda yangi shtamm bilan kasallanganlar soni qisqa muddatda qariyb 800 nafarga etgan. Shundan 238 ta holat mamlakat poytaxtida qayd etilgan. Maxarashtra (167), Gujarat (73) va Kerala (65) shtatlarida ham ko`rsatkichlar yuqori. Shunga qaramay, hozirga qadar 241 kishi “omikron”dan sog`aygan.

Daniyada ham ahvol yomon. “The Guardian” nashri tahliliga ko`ra, mamlakatda  COVID-19 bilan kasallanish darajasi dunyodagi eng yuqori ko`rsatkichlar qatoriga etgan. Ya`ni bu erda har 100 ming kishidan 1612 nafari ushbu xastalikni boshdan o`tkazgan. Bunda, tabiiyki, yangi shtammning ta`siri katta. Chunki o`tgan haftada mamlakatda “omikron” dominant variantga aylangandi.

Buyuk Britaniyada esa kunlik kasallanish ko`rsatkichlari kun sayin oshib boryapti. So`nggi sutkada bu erda 128 mingdan ziyod kishiga SOVID-19 tashxisi qo`yilgan. Shunga qaramay,  “omikron”ni yuqtirib kasalxonaga yotqizilganlar o`rtacha uch kun ichida sog`ayib, shifoxonadan chiqarilmoqda.  

Ana shunday murakkab vaziyatda yangi mutasiya ustidagi tadqiqotlar qizg`in davom ettirilyapti. Jumladan, Janubiy Afrikadagi eng yirik xususiy tibbiy sug`urta kompaniyasi bosh direktori Rayn Rouchning xulosa qilishicha, ovozda to`satdan xirillash paydo bo`lishi “omikron”ning ilk alomati bo`lishi mumkin. Keyinroq esa burun bitishi, quruq yo`tal va tananing turli qismlarida og`riqlar kuzatiladi.  

 

    Boshqa yangiliklar