“Yilning eng yaxshi asari” respublika tanlovi g`oliblari aniqlandi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Xurshid Do`stmuhammad to`rt kitobdan iborat nasriy asarlari uchun bosh mukofotga loyiq ko`rildi. G`olibga bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobarida pul mukofoti berildi.
Shuningdek, “Yilning eng yaxshi asari” respublika tanlovi g`oliblari:
Abdulla Qodiriy nomidagi “Eng yaxshi nasriy asar” mukofoti bilan O`zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton “Alisher Navoiy” romani uchun;
Hamid Olimjon nomidagi “Eng yaxshi she`riy asar” mukofoti bilan taniqli shoir Abdulla Sher “Tanlangan asarlar” she`rlar kitobi uchun;
Abdulhamid Cho`lpon nomidagi “Eng yaxshi tarjima asari” mukofoti bilan Qoraqalpog`iston xalq shoiri Rustam Musurmon rus, qoraqalpoq, qirg`iz tillaridan tarjima qilgan she`riy kitoblari, doston va qissalari uchun;
Mahmudxo`ja Behbudiy nomidagi “Eng yaxshi dramatik asar” mukofoti bilan taniqli dramaturg Sharof Boshbekov dramalar va kinoqissalardan iborat “Tanlangan asralar” kitobi uchun;
Abdurauf Fitrat nomidagi “Eng yaxshi adabiy tanqidiy va publisistik to`plam” mukofoti bilan adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov Alisher Navoiy ijodi, faoliyati haqidagi “Maoniy ahlining sohibqironi” to`plami uchun taqdirlandi. G`oliblarga bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobarida pul mukofoti berildi.
2021 yilda faol ijod qilib, yangi asarlari bilan keng adabiy jamoatchilik e`tirofiga sazovor bo`lgan ijodkorlar:
Sog`inboy Ibrohimov “Brno daftari” she`rlar to`plami, “Berdaqning “Shajara” dostoni va qoraqalpoqlar tarixi” risolasi uchun;
Shukur Qurbon “Xaloskorlik yoki Amir Temur imoni” dostoni uchun;
Bahodir Qobul “Otachiroq” nasriy asarlar kitobi uchun;
Shamsiddin Sadoiy “Bir kun senga etarman” she`riy to`plami uchun;
Javlon Jovliev “Qo`rqma” romani uchun;
Nodirabegim Ibrohimova Herbert Uellsning “Dunyolar jangi” romani va jahon adabiyoti namunalaridan qilgan tarjimalari uchun rag`batlantiruvchi mukofot bilan taqdirlandi. G`oliblarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobarida pul mukofoti berildi.






