Poytaxtimizda O`zbekiston telekommunikasiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi davlat unitar korxonasi rahbariyati va “SAMSUNG Electronics CO. LTD” vakillari o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi.
O`zbekiston telekommunikasiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi rahbari Ulug`bek Shokirov va “SAMSUNG Electronics CO. LTD” korporasiyasining telekommunikasiya bo`limi biznes menejeri Kim Eun Woo o`rtasida bo`lib o`tgan muzokaralar davomida kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Yig`ilish davomida O`zbekiston Respublikasiga mobil qurilmalarni rasmiy ravishda olib kirish va ularning hisobini yuritish bo`yicha ma`lumotlar almashinuvini yo`lga qo`yish, sertifikatsiz tovarlar etkazib berishni aniqlash va oldini olish uchun tomonlarning istiqbolli hamkorligini rivojlantirish, mobil qurilmalarni etkazib berish hajmi bo`yicha statistik ma`lumotlar almashinuvini yo`lga qo`yish lozimligi belgilab olindi.
Shuningdek, yig`ilish ishtirokchilari “SAMSUNG Electronics CO. LTD” kompaniyasining rasmiy dilerlik shoxobchalari sonini oshirishga kelishib olishdi..
Yig`ilish so`ngida tomonlar samarali hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etdilar. Ikki taraflama va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta`minlash tarafdori ekanliklarini ta`kidlab o`tishdi.






