Chirchiq shahridagi “Kimyogarlar” madaniyat saroyida ham Yangi yil bayrami munosabati bilan Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, oilaviy bolalar uylari va boquvchisini yo`qotgan bolajonlar uchun bayram tashkil etildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.



Unda Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzaev barcha bolalarni bayram bilan tabrikladi. Yosh avlodni sog`lom va barkamol tarbiyalashga alohida e`tibor qaratish, ularning munosib sharoitlarda ta`lim-tarbiya olishi va ulg`ayishi muhim ahamiyatga ega ekani ta`kidlandi.

Bu yil ham hududda viloyat hokimligi, xalq ta`limi boshqarmasi va bir qator tegishli tashkilotlar hamkorligida Yangi yil bayramini yuqori saviyada o`tkazish, farzandlarimizga quvonch ulashish uchun puxta hozirlik ko`rildi.

Tantanali bayram munosabati bilan jo`natilgan Prezident sovg`alarini viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzaev hudud faollari bilan birga bolalarga tarqatdi. Shundan so`ng o`g`il-qizlar uchun "Afsonaviy o`rmonning Yangi yil kvesti" nomli musiqali sahna ko`rinishlari namoyish etildi. To`kin dasturxon yozildi.






Bu yil joylarda davlatimiz rahbari nomidan yuborilgan Prezident sovg`alari viloyat, tuman va shahar hokimliklari, xalq ta`limi boshqarmasi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida jami 1 ming 37 nafar bolajonga topshiriladi.
Xususan, 127 nafar 12 yoshdan yuqori bo`lgan Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga maxsus planshet solingan sovg`alar tarqatiladi.






