AsosiyJamiyat

Toshkentning Ahmad Donish ko`chasidagi yo`lning cho`kish holati yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atildi

'Toshkentning Ahmad Donish ko`chasidagi yo`lning cho`kish holati yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atildi'ning rasmi

Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko`chasidagi avtomobil yo`lining 500 metr qismida 40-50 sm.gacha cho`kish holati yuzaga kelganligi tufayli, ushbu hududda transport vositalarining harakati vaqtincha cheklangan edi.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Prokuratura organlarining o`rganishlari natijasida mazkur holat yuzasidan ba`zi tafsilotlar aniqlandi.

Xususan, mutasaddi tashkilotlar tomonidan «Yunusobod-Turkiston» er osti metro konstruksiyasining atrofini va yon qismlarini tuproq bilan qayta to`ldirish va zichlash ishlari sifatli bajarilmaganligi, texnik nazorat talab darajasida olib borilmaganligi hamda avtomobil yo`lini rekonstruksiya qilishda loyihalashtirish ishlari noto`g`ri olib borilganligi sababli yuqoridagi cho`kish holati yuzaga kelib, natijada davlatga 4,5 mlrd. so`m miqdorida zarar etkazilgan.

Hozirda holat bo`yicha Respublika Transport prokuraturasi tomonidan Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi va Toshkent shahar hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Ahmad Donish ko`chasida yuzaga kelgan holatni bartaraf etish bo`yicha mutasaddi idoralar tomonidan tegishli chora-tadbirlar tashkil etilmoqda.

    Boshqa yangiliklar