O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi boshlandi. Unda qator qonun loyihalari ko`rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Majlis “O`zbekiston”, “UzReport” telekanallari hamda Qonunchilik palatasining feysbukdagi sahifasi orqali jonli efirga uzatilmoqda.
Deputatlar ko`pdan buyon keng jamoatchilikning e`tiborini tortgan “Reklama to`g`risida”gi qonun loyihasini ko`rib chiqmoqdalar.
Qonun loyihasida reklamaning aylanishi sohasida Vazirlar Mahkamasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi (reklama sohasidagi vakolatli davlat organi), shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining aniq vakolatlari belgilab qo`yilmoqda.
Mazkur hujjat bilan reklama va OAV sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to`siqlar hamda ularning faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarning oldini olish maqsadida ayrim normalar bekor qilinmoqda.
“Reklama to`g`risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o`qishda qabul qilindi.






