Bu haqda bugun AOKAda bo`lib o`tgan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi rahbariyati ishtirokidagi matbuot anjumanida so`z bordi.
Tadbirda MIB organlari faoliyati tahlili, sohadagi yangiliklar va tizimga axborot-kommunikasiya texnologiyalarining tatbiq etilishi yuzasidan ma`lumot berib o`tilgan.
Qayd etilishicha, Byuro tashkil topganidan buyon ijro ishini yuritish sohasida 77 trln. so`mdan ortiq undiruvlar amalga oshirilib, shundan davlat foydasiga 32 trln.so`mga yaqin mablag`lar undirilgan .
Ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning o`tgan davrida jami undiruv 21,7 trln. so`mni tashkil etdi. Bu ko`rsatkich o`tgan yilning shu davriga nisbatan 10,4 trln.so`m (92%) oshganligi aytiladi.
Byuro mas`ul xodimlarining idoraviy axborot tizimlarini integrasiya qilishda olib borgan ishlari natijasida qidiruv sohasidagi muammoli bo`lgan 4555 nafar shaxs, 3073 ta avtotransport vositalari topilgan, shuningdek qarzdorlardan 16 mlrd. so`mdan ortiq mablag`ar undirilgan.
Shuningdek byuroning ma`lum qilishicha, ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan ijro hujjatlariga e`tibor kuchaytirilishi natijasida moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 2,5 trln. so`mdan ortiq aliment pullari etkazib berilgan.






