O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi boshlig`i polkovnik Shavkatbek Mamajonov rahbarligidagi mamlakatimiz harbiy delegasiyasi joriy yilning 22-24-dekabr kunlari Rossiya tomonining taklifiga binoan Rossiya poytaxti Moskva shahrida Rossiya Federasiyasi Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan “ArMI-2022” Xalqaro armiya o`yinlarining I rejalashtiruvchi konferensiyasida ishtirok etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.
Ushbu konferensiyani o`tkazishdan maqsad, “ArMI-2022” Xalqaro armiya o`yinlarini o`tkazish bo`yicha tashkiliy masalalarni muhokama qilishdan iborat bo`ldi.
Tadbirda Ozarbayjon, Aljir Xalq Demokratik Respublikasi, Armaniston, Bangladesh, Belarus Respublikasi, Venesuela, Vetnam Sosialistik Respublikasi, Zimbabve, Hindiston, Eron Islom Respublikasi, Qozog`iston, Qatar, Qirg`iz Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Myanma, Pokiston Islom Respublikasi, Falastin, Saudiya Arabistoni, Serbiya, Tojikiston, Shri-Lanka va O`zbekiston Respublikasi vakillari ishtirok etdilar.
Konferensiyada O`zbekiston delegasiyasi rahbari polkovnik Shavkatbek Mamajonov ishtirokchilar e`tiboriga O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillarining xalqaro musobaqalardagi munosib ishtiroki haqida taqdimot hamda “ArMI-2022” Xalqaro armiya o`yinlarining ba`zi musobaqalarini bizning mamlakatimiz hududida o`tkazish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining takliflarini havola etdi.






