AsosiyJamiyat

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun QQSdan berilgan imtiyozlar muddati uzaytiriladi

'Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun QQSdan berilgan imtiyozlar muddati uzaytiriladi'ning rasmi

Ma`lumki, joriy yilda Parlament tomonidan 2021 yil 1 maydan 31 dekabrgacha bo`lgan muddatda kungaboqar va soya urug`lari hamda o`simlik yog`i importi, shuningdek o`simlik yog`ini ishlab chiqarish va ichki bozorda realizasiya qilish QQSdan ozod etilgandi.

Bundan tashqari, ikki oy avval soliq kodeksiga kiritilgan o`zgartirishlarga asosan 2021 yil 10 oktyabrdan joriy yil oxirigacha go`sht (mol, qo`y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so`yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni realizasiya qilish bo`yicha aylanma, shuningdek ularni O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish ham QQSdan ozod qilingandi. Bular haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orali ma`lum qilmoqda.

Deputat yaqinda bo`lib o`tgan Byudjet loyihasi muhokamasi doirasida 2022 yilda inflasiya darajasini joriy yilga nisbatan pasaytirish, aholini xarid qobiliyatini oshirish va eng asosiysi iste`mol tarkibidagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqaror saqlash maqsadida Hukumat vakillari, jumladan Bosh vazir o`rinbosari Jamshid Anvarovichdan oziq-ovqat mahsulotlari uchun joriy yil oxirigacha berilgan QQS imtiyozlari muddatini uzaytirish masalasini ko`rib chiqishni so`raganini ta`kidlaydi.

Qayd etilishicha,  Parlamentga Hukumat tomonidan kiritilgan qonun loyihasida aynan shu taklif inobatga olinib, joriy yil oxirigicha berilgan imtiyozlar muddati yana 4 oy muddatga cho`zilishi nazarda tutilmoqda.

Demak, ushbu qonun loyihasiga asosan 2022 yil 30 aprelga qadar quyidagilar QQSdan ozod qilinadi:

  • O`zbekiston Respublikasi hududiga o`simlik yog`i, kungaboqar va zig`ir urug`i, shuningdek soya danagini olib kirish;
  • o`simlik yog`ini (paxta yog`idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizasiya qilish bo`yicha aylanma;
  •  go`sht (mol, qo`y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so`yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizasiya qilish bo`yicha aylanma, shuningdek ularni mamlakat hududiga olib kirish.

"O`ylaymanki, Hukumat tomonidan ko`rilayotgan ushbu fiskal choralar bozorlarimizda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini nafaqat barqaror saqlashga, balki ularni pasaytirishga hamda aholini ushbu mahsulotlarga bo`lgan talabini to`laqonli qondirishga xizmat qiladi.

Qolaversa, go`sht, yog` va kartoshka mahsulotlari aholi iste`mol savatchasi tarkibida yuqori vaznga ega ekanligi inobatga olinsa, ushbu mahsulotlar narxlarini barqaror saqlanishi o`z navbatida boshqa iste`mol tovar va xizmatlar narxlari o`sish sur`atlarini pasaytirishga ijobiy ta`sir qiladi",-deydi Doniyor G`aniev.

    Boshqa yangiliklar