AsosiyJamiyat

O`zbekistonda notarial harakat ilk bor onlayn amalga oshirildi

'O`zbekistonda notarial harakat ilk bor onlayn amalga oshirildi'ning rasmi

Joriy yilning 23 dekabr kuni  “e-notarius.uz” axborot portali orqali birinchi onlayn notarial harakat masofadan turib rasmiylashtirildi. 

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limining ushbu xushxabar haqida ma`lum qilishicha, fuqaro U. V. notarial idoraga kelmasdan turib, voyaga etmagan farzandini chet elga chiqishga rozilik berish arizasini videokonferensaloqa yordamida rasmiylashtirgan.

Ta`kidlanishicha, mazkur xizmat test rejimida ishga tushirildi va keyingi yilning boshidan to`liq tatbiq etiladi.

"Aholiga qulaylik yaratish maqsadida ayrim notarial harakatlarni amalga oshirish uchun notarial idoraga bormasdan, notarius qabulida navbat kutmasdan, uydan yoki dunyoning istalgan joyidan turib, ayrim notarial harakatlarni masofadan, ya`ni videokonferensaloqa yordamida  “e-notarius.uz” axborot portali orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi",-deya alohida qayd etadi vazirlik o`z xabarida.

Ma`lumotga ko`ra,  “e-notarius.uz” axborot portali orqali mol-mulkni boshqa shaxsga o`tkazish bilan bog`liq bo`lmagan ishonchnomani tasdiqlashni, ijro xatini yozishni, arizadagi imzoning haqiqiyligini shahodatlashni (doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo`yicha ro`yxatga qo`yishga rozilik, voyaga etmagan farzandni chet elga chiqishga rozilik berish bilan bog`liq ariza va majburiyatnomalar), shuningdek to`lovlarni ham amalga oshirish mumkin.

Shu o`rinda savol tug`iladi. Xo`sh, bu jarayon qanday amalga oshiriladi?

Onlayn notarial harakatni rasmiylashtirish uchun dastlab "e-notarius.uz”  axborot portaliga kirib, respublikadagi istalgan notariusga masofadan turib notarial harakatni rasmiylashtirishni so`rab murojaat qilinadi.

Eslatib o`tilishicha, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida murojaat qiluvchining shaxsiga oid ma`lumotlar ONE ID  – Identifikasiyalashning yagona tizimi orqali avtomatik ravishda to`ldiriladi. Shuningdek, “e-notarius.uz” axborot portalida notariusga murojaat qilishning tartibi va bosqichlari fuqarolar tushunishi uchun qulay shaklda, alohida eslatmalar bilan o`zbek va rus tillarida joylashtirilgani aytiladi.

Shu bilan birga, ma`lumotlar murojaat qiluvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangandan so`ng, onlayn notarial harakat uchun to`lov kvitansiyalari ham avtomatik ravishda shakllantiriladi. Murojaat qiluvchi va notarius kelishilgan vaqtda notarial harakatni ro`yxatdan o`tkazish uchun videokonferensaloqaga chiqadi va notarial harakat rasmiylashtiriladi.

Boshqa yangiliklar