Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni davom ettirish, ushbu toifa vakillarining Yangi yil bayramini ko`tarinki ruhda va munosib nishonlashini ta`minlash maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining kam ta`minlangan qatlamlarini qo`llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash yuzasidan viloyat hokimi G`ofurjon Mirzaev boshchiligida kengaytirilgan videokonferens aloqa shaklida yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati "Darakchi.uz" ga xabar berdi.
– Yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlarning natijadorligi har bir xonadonga kirib borishi lozim, –dedi G`ofurjon Mirzaev. – Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan viloyatdagi “Temir daftar” ro`yxatida bo`lgan, 18 yoshgacha farzandlari bor boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi va nogironligi bo`lgan 18 yoshgacha bolasi bor jami 11 816 ta kam ta`minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 800 ming so`mdan bir martalik moddiy yordam ko`rsatiladi.
Yig`ilishda ushbu moddiy yordam pullarining joriy yil 30 dekabrga qadar manzilli etkazilishini ta`minlash kerakligi aytildi.
Buning uchun esa tuman, shahar hokimlarining birinchi o`rinbosarlari rahbarligida tuman iqtisodiyot, moliya, pensiya, mahalla, bandlik bo`limlari hamda tijorat banklari vakillaridan iborat ishchi guruhi tuziladi.
Viloyat hokimi tomonidan ishchi guruh tarkibiga qo`shimcha ravishda “Hokim yordamchilari”, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatlarini ham kiritish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, tegishli ma`sullarga mahallalar kesimida mablag` tarqatiladigan kuni, soati va joyini aniq ko`rsatgan holda grafik tasdiqlash hamda tarqatish jarayonini to`liq nazorat qilish vazifasi yuklatildi.






