Prezident Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan “Yoshlik I” konini o`zlashtirish” investisiya loyihasi bilan tanishgani haqida xabar bergan edik.
OKMK Axborot xizmatining ma`lumotiga ko`ra, mazkur loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi:
I-bosqich – 2021-2025 yillarda 290 ming tonna mis katodi, 38 tonna oltin va 203 tonna kumush;
II-bosqich – 2024-2028 yillarda 400 ming tonna mis katodi, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush metallari ishlab chiqarishga erishiladi.
“Olmaliq KMK” AJ mineral resurslar xom ashyo bazasini kengaytirish va zaxiralarni “JORC” kodeksi standartlariga muvofiq qayta baholash ishlarini olib borish maqsadida Buyuk Britaniyaning “SRK Consulting” kompaniyasini jalb qilindi.
“Yoshlik I” konini o`zlashtirish” (I-navbat) investisiya loyiha qiymati 5 mlrd . 122 mln. dollarni tashkil etib, shundan – 1 mlrd. 633 mln. dollari o`z mablag`lari hisobiga 1 mlrd 217,1 mln dollari esa Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi krediti va ustav fondi qo`yilmasi hisobiga amalga oshiriladi.
25,5 mln. dollari Ipoteka-bank krediti asosida, 2 mlrd. 247 mln. dollar esa to`g`ridan-to`g`ri xorijiy kreditlar asosida amalga oshiriladi.
Mazkur kon hududi 11 ming gektarni tashkil etadi. Loyiha doirasida yiliga 65mln.tonna ma`dan qazib olish quvvatiga ega kon (1,44 mlrd.doll.), 60 mln.tonna ma`danni qayta ishlash quvvatiga ega 3-son mis boyitish fabrikasi (2,0 mlrd.doll.), fabrika infratuzilma ob`ektlari (1,0 mlrd.doll.), va 650 Megavatt quvvatga ega tashqi elektr ta`minoti (170 mln.doll.) ob`ektlarini qurish rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida 6 mingta yangi ish o`rinlari yaratiladi. Loyiha 2024 yil yanvar oyida ishga tushirishi rejalashtirilgan.
“Yoshlik I” koni ruda qatlamiga etish va uni qazib olish uchun jami bajarilgan tuproq ishlari joriy yil 20 dekabr holatiga 101,8 mln.metr kubni tashkil etmoqda.
Kon ishlarini bajarish uchun umumiy qiymati 415 mln.dollar bo`lgan 570 dan ziyod texnikalar etkazib berilgan.
Shuningdek, “UZTM-Karteks” va “Enter Enginnering” konsorsiumi bilan 3-MBFni 2 mlrd. dollarga “tayyor holda topshirish” sharti bilan qurib topshirish bo`yicha shartnoma tuzildi.
Ushbu shartnomani moliyalashtirish maqsadida Rossiyaning Vneshekonombanki bilan 712mln. Evro qiymatidagi 7 yil muddatga kredit kelishuvi imzolandi.
Bugungi kunda jami bajarilgan tuproq ishlari 5,2 million metr kubni tashkil etib, jumladan EPC-shartnomasi bo`yicha qazish ishlari 550 ming kub m, to`ldirish ishlari 160 ming kub m, portlatish uchun burg`ulash ishlari 30 ming p.m hamda beton ishlari 2 ming kub m miqdorida bajarildi.
2021 yil 17 dekabrdan boshlab, yirik ma`dan omborining poydevorini quyish ishlari boshlangan bo`lib, o`rta va kichik maydalash, quruq holda g`alvirdan o`tkazish korpuslarida hamda boshqaruv binosi maydonlarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, balandligi 637 metr bo`lgan himoya devorini qurilishi yakunlangan bo`lib, umumiy quvvati 30 ming tonna/yiliga bo`lgan metallokonstruksiya zavodi 2022 yilning fevralida qurib bitkaziladi va ishga tushiriladi.
1,5ming kishiga mo`ljallangan quruvchilar shaharchasi va direksiya binolari qurilishi yakunlanib, qo`shimcha 1,8 mingta quruvchi uchun ikkinchi shaharcha qurilmoqda va uning yakunlanishi 2022 yilning fevral oyida ko`zda tutilmoqda.
Loyiha doirasida bugungi kunda jami 1 036 mln.dollar mablag`lar jalb qilinib, shundan 861 mln.dollar o`zlashtirilgan.






