AsosiyJamiyat

Qarindoshlar o`rtasida nikoh aksariyat hollarda bobo-buvi yoki ota-onalarning tashabbusi bilan bo`ladi

'Qarindoshlar o`rtasida nikoh aksariyat hollarda bobo-buvi yoki ota-onalarning tashabbusi bilan bo`ladi'ning rasmi

Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig`i Mukarram Nurmatova ma`lum qildi.  

Qayd etilishicha, qarindoshlar o`rtasida tuziladigan nikohning 58,1% bobo-buvilar, 56,4% ota-onalar, 14,3% tog`a-xola va amaki-ammalar, 13,2% opa-singillar, 1,2% aka-ukalar va 8,3% boshqa shaxslar tashabbusi bilan tuzilishi respondentlar tomonidan aniqlangan.

O`tkazilgan sosiologik so`rovnoma natijasiga ko`ra, qarindoshlar o`rtasida tuzilgan nikohlardagi oilalarning hayoti qanday kechayotganini aniqlashga qaratilgan savollarga respondentlarning 25,2 foizida ziddiyat va nizolar uchrab turganligini, 24,9 foiz oilalarda nogiron farzandlar borligi, 8,9 foiz qarindoshlik asosida qurilgan oilalarda muammolar mavjudligi va doimiy quda-andachilikdagi kelishmovchiliklar bo`layotganligi bildirilgan.

2021 yilning o`tgan davrida respublika bo`yicha 1136 ta holatda qarindoshlar o`rtasidagi nikohlarning oldi olindi.

Kuzatuvlar shuni ko`rsatmoqdaki, yaqin qarindoshlar o`rtasidagi nikohlar hanuzgacha oshkora yoki yashirin holda noqonuniy qayd etilishi holatlari uchramoqda. Mamlakatimizdagi barcha oliy o`quv yurtlarida va tibbiy maslahatxonalarda, mahallalarda bu borada olib borilayotgan tushuntirish ishlari yo`lga qo`yilganligiga qaramay, salbiy holatlar hamon tez-tez uchrab turibdi.

Xabar berilishicha, mavjud muammolarni hal etish borasida 2022 yilda quyidagi choralarni amalga oshirish belgilangan:

  • qizlarni milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda tibbiy madaniyatini oshirish, yosh qizlarning ta`limdan tashqari bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish orqali ijtimoiy-siyosiy faolligi va ijodiy salohiyatini qo`llab-quvvatlash;
  •  Ishonch telefoni”ni malakali mutaxassislar bilan ta`minlash orqali murojaat etayotgan qizlarning muammolarini o`z vaqtida ijobiy echimini topishlariga ko`maklashish;
  • Erta farzand ko`rgan qizlarni o`qishga, kasb-hunar o`rganishiga motivasiyalash bo`yicha mutaxassislar bilan manzilli ishlarni tashkillashtirish;

oilalarda onalarning qizlar tarbiyasi, yoshlarni hayotga har tomonlama tayyorlash, erta nikohlarning oldini olish, oila qadriyatlarini asrab-avaylashdagi o`rni va mas`uliyatini tahliliy ma`lumotlar va amaliy misollar asosida tushuntirish, ma`naviy-ma`rifiy hamda madaniy dasturlarni tashkil etib borish;

  • farzandlarimizni ma`naviy tahdidlardan himoyalash, milliy urf-odatlar va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, oilalarda ijtimoiy-ma`naviy va tarbiyaviy muhitni yaxshilash bo`yicha mahalla fuqarolar yig`ini xodimlarining mas`uliyatini kuchaytirish;
  • yosh qizlarni va ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga tayyorlash va tadbirkorlikka jalb qilish borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish;

 

Shuningdek, Vazirlik tomonidan qarindosh-urug`lar o`rtasidagi nikohni qonuniy taqiqlash yoki javobgarlikni kuchaytirish bo`yicha qonunchilik hujjatlariga o`zgartirish kiritish bo`yicha tegishli takliflar ishlab chiqilmoqda. 


 

    Boshqa yangiliklar