Bu haqda Shuhrat Abdurahmonov xalq deputatlari viloyat kengashining 30 sessiyasida ma`lum qildi, deb yozadi Zamon.uz
Kecha, 20 dekabr kuni xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashining o`ttizinchi sessiyasi bo`lib o`tdi. Unda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Andijonda aholini ovqatlanish va sog`lom turmush tarziga o`rgatish maqsadida yangi tajriba yo`lga qo`yilganini aytib, har kuni ertalab va kechqurunda bir soatdan piyoda yurganlarni sayohatlarga yuborishini ma`lum qilgan.
“Bitta mahallada besh yuzta xonadondan hech bo`lmasa bittadan chiqib bir oy ertalab va kechqurun bir soatdan piyoda yursa, o`sha mahalladagilarni barchasini Samarqand va Buxoroga sayohatga yuboraman. Agarda mahalla raisi, profilaktika inspektori va ularning atrofidagilar uch oy davomida xonadonlardagi fuqarolarni piyoda yurishga jalb etishni tashkillashtirib bersa, ularni Dubayga yuboraman.
Bundan tashqari, uzluksiz ravishda ertalab va kechqurun xodimlari bilan birga piyoda yurishni tashkil qilgan tashkilot rahbarlarini ham Dubayga jo`natvoraman. Qancha pul ketsa ham mayli. Maqsad odamlarni yurgazish. Bundan ortiq boshqa nima qilish kerak?”, — deydi Shuhrat Abdurahmonov.






