Toshkent aeroport bojxona posti boshlig`i ishdan olinganligi haqida norasmiy xabarlar tarqaldi. Mazkur rahbarga qo`shilib uning ikki o`rinbosarlari ham ishdan bo`shatilgan. Ma`lum qilinishicha, ular bojxona xodimlarining blogerga yo`llagan murojaati ortidan ishdan olinishgan.
Bojxona qo`mitasi “Toshkent AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi yosh xodimlari blogerga yo`llagan anonim murojaatida joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida kompleksning 2014-2021 yillardagi moliyaviy xo`jalik faoliyati taftish qilinib, 14 mlrd so`m miqdoridagi, byudjet va maxsus fond mablag`lari o`zlashtirilganligi holati aniqlanganligi bildirishgan.
Ta`kidlanishicha, ushbu pullar xodimlarga oylik maoshi, yordam puli sifatida tarqatilishi kerak bo`lgan. Ushbu holat bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilib, rahbarlarning harakatiga baho berish maqsadida sentyabr oyida xizmat tekshiruvi ham tayinlangan. Lekin jinoyat ishi bo`yicha ham, xizmat tekshiruvi bo`yicha ham hech kimga jazo berilmagan. Ammo o`zlashtirilgan mablag`ni joyiga qaytarish uchun xodimlarning 3-4 oylik moashi berilmasligi aytilgan.
Murojaat e`lon qilinganidan o`n kun o`tib, ya`ni bugun 19-dekabrda Davlat bojxona qo`mitasi raisi A.Mavlonov buyrug`i bilan Toshkent aeroport bojxona posti boshlig`i Abdullaev Rahim egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi ma`lum qilindi. Uning ikki o`rinbosari ham ishdan ketgani aytilmoqda.






