Mudofaa vazirligi qo`shinlarini harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan butlash, ularni ta`mirlash va modernizasiya qilish bo`yicha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq joriy yilda xarid qilingan yana 11 dona “KAMAZ-4326” rusumli yuk avtomobillari Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan biriga tantanali tarzda foydalanishga topshirildi. Bu haqda Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
Yaqinlashib kelayotgan Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 30 yillik shodiyonasi arafasida harbiy qismga katta miqdorda yangi harbiy texnikalarning kelishi bayramga o`zgacha tuhfa bo`ldi.
Haydovchilik lavozimidagi harbiy xizmatchilarga yangi yuk avtomobillarining kalitlarini topshirish marosimida Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov ishtirok etib, so`nggi besh yillik davr armiyamiz uchun tom ma`noda yuksalish, yangilanish davri bo`lganini, saflarimiz rejali tarzda zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan butlanib kelayotganini e`tirof etdi.
So`zga chiqqanlar, ishonchli qo`llarga topshirilayotgan bu kabi texnika ko`p yillardan beri armiyamiz saflarida sinovdan o`tib, dala-dashtlarda, cho`l va o`tuvchanligi og`ir hududlarda qulayligi, mamlakatimizdagi iqlim sharoitlarida foydalanishga yaroqliligi, yurish zaxirasi yuqoriligi va yonilg`i sarfi bo`yicha tejamkorligi bilan har tomonlama qo`shinlarimiz uchun mos kelishini ta`kidlab o`tishdi. Bo`linmalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish, harbiy yuk va shaxsiy tarkibni bir joydan ikkinchi joyga ko`chirishda qo`shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilishiga katta ishonch bildirildi.
Texnikalarni foydalanishga qabul qilgan haydovchilar tarkibidagi harbiy xizmatchilar ushbu yuk avtomobillarini jangovar shay va soz holatda ushlab turishga, ularga o`z vaqtida texnik xizmatlar ko`rsatishga va`da berishdi.
Ta`kidlash joizki, mazkur texnikalar Samarqandda KAMAZ rusumli avtoulovlarni yig`ishga mo`ljallangan “UzAvto Trailer” MChJning 2019 yildan faoliyatini boshlagan ishlab chiqarish liniyasida yig`ilgan.
Eslatib o`tamiz, undan oldin huddi shunday harbiy texnikalarning 8 donasi shu yilning iyun oyida garnizondagi harbiy qismlarga tantanali topshirilgan edi.
Marosim yakunida harbiy xizmatchilar yangi harbiy texnikalarni ko`zdan kechirib, uning mikoniyatlari bilan yaqindan tanishishdi.
Harbiy va jangovar texnika hamda qurol-aslahalarni joriy ta`mirlash, ularga texnik xizmat ko`rsatish ishlarini samarali olib orish maqsadida harbiy qismning texnikalarni saqlash parkida yaqindagina qayta rekonstruksiya qilingan Texnik xizmat ko`rsatish va ta`mirlash tarmog`i bugungi kun talablariga javob bermoqda.
Zamonaviy dastgoh va agregatlar bilan jihozlangan ushbu ob`ektda moylash ishlarini amalga oshirish, filtrlar va havo kassetalarini yuvish va moylash, stabilizatorlar, tunggi moslamalar, elektr jihozlari va nazorat-o`lchov asboblarini tekshirish postlari yaratildi. Shuningdek, montaj-demontaj, agregatlarni joriy ta`mirlash, chilangarlik, elektrogaz payvandlash, temirchilik, elektr jihozlariga xizmat ko`rsatish, yonilg`i apparatlari va tentlarni ta`mirlash hamda bo`yoqlash kabi o`nlab ishchi joylari yaratildi. Bir so`z bilan aytganda, texnika va qurollarni jangovar shay va soz holatda ushlab turish uchun mazkur harbiy qismda barcha qulayliklar muhayyo etilgan.






