Ayni paytda Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov viloyatning 2021 yilgi ijtimoiy-iqisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2022 yilgi rejalar to`g`risida murojaatnoma ma`ruzasini o`qimoqda.
U o`z nutqi avvalida rahbarlarning qanday ishlashi kerakligiga urg`u berib: “Barcha toifadagi rahbarlar o`ziga yuklatilgan vazifalarni qaytadan ko`rib chiqishi, xalqning ichiga kirib borishi, ularning talab istaklarini tushunib etishi va shu asosda ishlarni yo`lga qo`yish shart deb o`ylayman”, dedi.
Viloyat hokimining hisob berishicha, joriy yil yakunlari bo`yicha viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlari hisoblangan aholining ishsizlik darajasi yil boshidagi 8,0 foizdan 6,0 foizga kamayishi kutilmoqda. Bu 18 680 ta yangi ish o`rinlarining yaratilishi bilan baholanmoqda. Rejalar ijrosi 105 foiz. Yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi, qishloq xo`jaligi mahsulotlari, qurilish-pudrat ishlari, aholi jon boshiga esa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ham 5-7 foiz farqi bilan rejadan ortiq bajarilgan.
Bundan tashqari viloyatda 183,3mln. dollarlik xorijiy investisiyalar o`zlashtirilgan (rejadan 109 foiz). Shu o`rinda viloyat hokimi ham mahalliy, ham xorijiy investorlar masalasiga jiddiy e`tibor qaratish kerakligini ta`kidladi.
“Investorlar O`zbekistonga ishonyapti. Agar biz ularga bugun sharoit yaratib bersak, biz o`ylagan 60 mingdan ziyod ish o`rinlarini yarata olamiz. Bizni eshitayotgan hokimlar bunga e`tibor berishlarini so`rayman”, dedi Normat Tursunov.
Yig`ilish davom etmoqda.
Sardorbek Rahmonqulov






