Toshkent shahrida “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi asosida o`tkazilayotgan maxsus reyd tadbirlari davomida o`zini xodim deb tanishtirgan fuqaro Yo`l-patrul xizmati xodimlarini haqoratlab, tahdid qildi. Bu haqda “Toshkent” telekanalida xabar qilindi.
Xabarda aytilishicha, maxsus reyd tekshiruvlari paytida hujjatlarini tekshirish maqsadida Malibu avtomobili to`xtatilgan. Haydovchi ayol YPX xodimining murojaatiga javob bermay, hujjatlarini ko`rsatmagan va telefon orqali tanishlarini chaqirgan.
Haydovchi ortidan etib kelgan ikki shaxs reydga jalb qilingan xodimlarni har xil so`zlar bilan haqoratlab, tahdid qila boshlagan.
“Yop kamerangni. Yop, deyapman. Hozir kamerangni sindirib tashlayman-da, qo`lingga ming dollar beraman. Yangisini olasan. Tasvirga olma, xodimman”, — degan ayol chaqirgan tanishlaridan biri.
Ta`kidlanishicha, yordamchi kuchlar kelgandan so`ng o`zini xodim deb tanishtirgan shaxs aslida hech qanday xodim emasligi ma`lum bo`lgan. Haydovchiga tegishli tartibda chora ko`rilib, avtomobil jarima maydonchasiga qo`yilgan.






