Hozirda Toshkent shahriga kuniga 130 ming tonna yuklar katta hajmli mashinalarda kirib chiqadi. Bu poytaxtda tirbandlik, yo`llar sifati va havoning tozaligiga ham salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. “O`rtachirchiq, Yuqorichirchiq, Quyichirchiq va Toshkent tumanlarida yuk taqsimlovchi yirik ulgurji savdo logistika markazlarini qurish orqali bu masalani hal qilish mumkin”, - dedi prezident Shavkat Mirziyoev xizmatlar sohasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida.
Shuningdek, keltirilishicha, Toshkent tumanidagi “G`ishtko`prik” bojxona postini kengaytirish, 11 kilometr yo`l bo`yini zamonaviy qiyofaga keltirish, 400 gektar maydonda savdo va logistika markazini tashkil etish hisobiga, kuniga 5 mingta yuk transporti, 35 ming kishiga xizmat qiladigan infratuzilma yaratsa bo`ladi.
Shu bois viloyat hokimlariga ikki oy muddatda xalqaro yo`llar kesishmalarida yirik savdo va logistika markazlarini tashkil etish loyihalarini boshlash topshirig`i berildi, deya xabar berdi “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.






