Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati xabariga ko`ra, joriy yilning 23 oktyabr kuni soat 18:00 dan 24 oktyabr kuni soat 06:00 ga qadar bo`lgan vaqt oralig`ida noma`lum shaxs, Buxoro tumani Ko`chko`mar mahallasi Bojak qishlog`ida joylashgan “Jo`ra Safar” fermer xo`jaligi er maydonida o`tlab yurgan, 1998 yilda tug`ilgan shu qishloqda istiqomat qiluvchi G`.I. ga tegishli bo`lgan ikki bosh g`unajin hamda bir bosh ho`kizni yashirin ravishda o`g`irlab, unga jami 20.000.000 so`m miqdorida moddiy zarar etkazgan.
Mazkur holat yuzasidan noma`lum shaxsga nisbatan JK.ning 169-moddasi 1-qismi bilan qo`zg`atildi. Olib borilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida, ushbu jinoyatni Buxoro tumani Qavola Mahmud mahallasida yashovchi, 1990 yilda tug`ilgan A.M. va Buxoro tumani Qo`shxodim mahallasida yashovchi, 1995 yilda tug`ilgan J.M. ismli ayollar oldindan jinoiy til biriktirib, bir jinoiy guruh bo`lib sodir qilganliklari aniqlangan.
Ushbu ikkala gumon qilinuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilib, jinoiy guruhning boshqa shu kabi sodir etilib fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash borasida olib borilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida, ularning yana bir qator jinoyatlari fosh etildi.
Jumladan, ular 2021 yilning 15 noyabr kuni soat 22:00 dan 16 noyabr kuni soat 07:00 ga qadar bo`lgan vaqt oralig`ida Buxoro tumani, So`fikorgar mahallasi Muchavs qishlog`i hududida joylashgan “Shuxrat” fermer xo`jaligi dala maydonidan fuqaro G.U.ga tegishli bo`lgan bahosi 15.000.000 so`mlik 2 bosh qoramolini;
- 2021 yilning 7 oktyabr kuni taxminan soat 23:00 dan 8 oktyabr kuni taxminan soat 7:00 ga qadar bo`lgan vaqt oralig`ida tumanning Decha mahallasida joylashgan “Bo`ron Azim” fermer xo`jaligi er maydonida o`tlab yurgan fuqaro X.M. ga tegishli bo`lgan, bahosi 7.000.000 so`mlik 1 bosh qoramolni o`g`irlab ketganligi ham fosh etilgan.
Hozirda ushbu jinoiy guruhning yana bir qator jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






