Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining «O`zbekiston Respublikasi davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksini tasdiqlash to`g`risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi.
Fuqarolar tomonidan va ijtimoiy tarmoqlarda ushbu qaror loyihasi bo`yicha bir qator savollar berilib, keng muhokamaga sabab bo`lmoqda.
Avval xabar berganimizdek, bugun AOKAda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O`rinboeva ishtirokida o`tkazilgan brifingda mavzu yuzasidan ma`lumot berildi:
Aytaylik davlat xizmatchisi mazkur kodeksda belgilangan obod-axloq qoidalarini buzdi. Buning uchun javobgarlik belgilash ham ushbu kodeksda o`z tasdig`ini topganmi?
Ushbu savolga matbuot kotibi tomonidan quyidagicha javob berildi:
"Davlat xizmatining nufuzini baholovchi mezonlardan biri jamoatchilikning fikri hisoblanadi, shu bois davlat organining o`z nufuzini yanada oshirish maqsadida fuqarolar bilan qayta aloqa mexanizmlaridan samarali foydalanishi zarur.
Xususan, fuqarolar tomonidan davlat xizmatchisining Kodeksda belgilangan talablarga rioya qilmaslik holati hamda korrupsiyaga oid xatti-harakatlari yuzasidan murojaat va xabarlarni aloqa kanalari orqali qabul qilish va ko`rib chiqish tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, odob-axloq qoidalari buzilganligi to`g`risida xabar bergan shaxslarning daxlsizligi ta`minlanib, uning ta`qib qilinishiga yo`l qo`ymaydi.
Bundan tashqari kodeks talablari buzilgan hollarda, sodir etilgan huquqbuzarlikning xususiyatiga qarab, mehnat qonunchiligi va davlat maxsus xizmatiga kiruvchi davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar hamda ichki idoraviy hujjatlariga (ustav) asoslangan holda intizomiy javobgarlik tortish masalalari engillashtiruvchi va og`irlashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda amalga oshirish belgilanmoqda.
Qayd etish kerakki, mazkur loyihani ishlab chiqishda xorijiy davlatlarning (AQSh, Bolgariya, Serbiya, Argentina, Moldova, Rossiya, Qozog`iston va boshqalar) davlat xizmatchilarining odob-axloq munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan yagona hujjat ko`rinishida qabul qilingan qonunlar, farmonlar va boshqa turdagi normativ-huquqiy hujjatlari o`rganildi.
Loyiha qabul qilinsa, barcha davlat tashkilotlaridagi ichki odob-axloq qoidalari mazkur hujjat asosida qayta ishlab chiqiladi hamda jamoatchilik uchun ochiqligi ta`minlanadi."






