Odamning tabiati qiziq. Ba`zan atrofidagi illatlarni ko`ra-bila turib, idrok qilolmaydi...
Yaqinda yo`l-yo`lakay maishiy xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlarning nomlarini ko`zdan kechirib, taajjubga tushdim. Mana o`sha poytaxt ko`chalarida avtobusdan ko`rganlarim:
“EVOS” (kafe), “LOOOK” (kafe), “Fast–food”, “LEGENDA” (do`kon), “ARABELLA” (do`kon), “INTER” (kafe), “GOLD 999” (do`kon) va hokazo...
Bugun bir haqiqatdan ko`z yumib bo`lmaydi. Birgina poytaxtimizda joylashgan do`konlar-u turli ovqatlanish muassasalarini yuz foiz deb olsak, shularning qariyb to`qson foizidan oshig`i xorijiy nomlar bilan atalar ekan. Shaharda o`z tilimizdagi nomlar bilan ataladigan tashkilotlar kun sayin kamayib ketyapti. SABAB NIMA? O`zbekcha nomlangan do`konlarga xaridorlar kirmaydimi?
IZOH QANDAY?
Men yaqinda anchagina do`kon va turli muassasalar rahbarlari bilan uchrashib, tashkilotlarini nega aynan xorijiy nom bilan ataganlari haqida so`radim. Kelishuvimizga muvofiq, o`zining va tashkilotining nomi sir saqlanishi lozim bo`lgan tadbirkor, “Bilasizmi, o`z tashkilotimni qanday nomlash mening huquqim, qonun buni taqiqlamaydi. O`z sarmoyamga firma tashkil etganimdan so`ng, o`zimga yoqqan nom bilan atayman. Qolaversa, xaridorlarni jalb qilishda, do`kon nomi ham katta rol o`ynaydi. Axir, odamlar “xo`rozqandni chet elniki desang, yotib olib yalashadi”. Endi sizning ona tiliga hurmat masalasiga doir savolingizga kelsak, bitta men firmamning nomini o`zgartirganim bilan ahvol o`zgarib qolmaydi”, deb javob berdi.
Mana, xato qaerdan kelib chiqyapti, hech kim o`zini aybdor hisoblamaydi. Kimdir, qachondir shu xatoni to`g`rilash kerakligi va katta ehtimol bilan o`sha tuzatuvchi o`zi bo`lishi mumkinligi, hammasi o`zimizdan, atrofimizdan boshlanishini o`ylab ham ko`rmaydi.
KIM AYBDOR?...
Bunga o`xshash javoblarni deyarli har bir suhbatdoshimdan eshitdim. Ona tiliga hurmat, e`tibor kabi gaplarimizni ko`pchilik balandparvozlikka yo`ydi. Ayniqsa, biroz badjahlroq suhbatdoshimiz, “Sizningcha, ona tiliga e`tibor kuchlimi? Qaysi idorada o`zbek tilida ish olib borilyapti, mana hujjatlarni ko`ring, ona tilida yozilgan ekanmi?” deb oldimizga rus tilida to`ldirilgan hujjatlarni tashladi.
Ochig`i o`zim ham biroz kalovlanib qoldim, chunki tadbirkor to`g`ri fikrni aytgandi-da. Rosti, nega ommaviy axborot vositalariga chiqib, o`zbek tilini buzmay gapirishga, til me`yorlarini saqlashimizga undovchi “idoralar” xat-hujjatlarga kelganda, mum tishlashadi?
Ona tilimiz hech qaysi tildan kam emas-ku. Unda ham sara so`zlar behisob. Xorijiy jarangdor so`zlardan-da jarangliroq, idora ishida boshqa tildan aslo qolishmaydigan tilimiz, so`zlarimiz mavjud. Faqat unga e`tibor lozim.
Ayb o`zimizda, boqibeg`am bo`lmasak, xorijiy nomlanayotgan tashkilotlarni shu darajada ko`paytirarmidik. Bugun ko`pgina shaharlarimizda Londondan kelgan sayyoh adashmasligi mumkin. Ammo qishloqdan kelgan, faqat sof o`zbek tilida gapiradigan o`zbek adashib qolishi hech gapmas.
Angliya, Amerika kabi demokratiya gullab-yashnagan davlatlarda juda kamdan-kam tashkilotlar ajnabiy nom bilan atalarkan (deyarli yo`q). Chunki milliy g`ururi bor, o`z tilini hurmat qiluvchi odam bunday yo`l tutmaydi. Ona tiliga nisbatan e`tiborsizlik yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Agar shunday bo`lsa shoir yozganidek, to`tiga aylanib qolish hech gapmas. Buni esa demokratiya bilan xaspo`shlab bo`lmaydi...
O`ZBEKONA NOMLAR HAM BOR, AMMO...
Mushtariylar fikrimga darhol qarshi chiqmasliklaridan avval aytib qo`yay, milliy ruhdagi o`zbekona nomlar yo`q emas. Ammo bu juda kam miqdorni tashkil qiladi. Do`konning yoki ovqatlanish shoxobchasining nomiga qarab, xaridor kirish-kirmasligini biror kimsadan eshitmaganman. Shaxsan o`zim ham xaridorman. Men uchun nomining ahamiyati yo`q, menga mahsuloti yoki taomlari ma`qul kelsa, bajonudil kiraman va xarid qilaman. Agar, “Halol”, “Jannat”, “Ifor”, “Yuksak”, “Nafis”, “Diydor” (va hokazo, bu ro`yxatni uzoq davom ettirish mumkin), deya nomlansa-yu, Xudo ko`rsatmasin, mabodo firmaning bozori o`xshamay, kasodga uchrab qolsa, bunda uning nomi sabab bo`lishiga shubham bor.
MILLATIMIZ FIDOYILARI
XX asr boshlarida yashab ijod qilgan millatimiz fidoyilari Munavvar Qori Abdurashidxonov, Mahmudxo`ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Cho`lpon va Qodiriy kabilarning ezgu maqsadi millatni, uning udumlarini, tilini va dinini asl holida asrash edi...
Etti iqlimga dong`i ketgan bobomiz Alisher Navoiy o`z zamonasida turkiy tilning boshqa tillardan aslo kam emasligini isbotlash uchun “Muhokamat ul-lug`atayn” (“Ikki til muhokamasi”) asarini bitgan hamda turkiy tilga nisbatan past nazarda qarovchi shoirlarga uning jozibasi va boyligini ko`rsata olgan edi. O`shandan buyon bu tilda qanchalab shoh asarlar yaralmadi deysiz?
QO`ShNIMNING OILASI VA BOBONING XIJOLATI
Qo`shnilarimdan biri oilasida rus tilida so`zlashadi. Qizig`i shundaki, uning o`zi ham, xotini ham o`zbek. Ota-onasi qishloqda yashaydi. Bir gal ular mehmon bo`lib kelishganida ularni yo`qlagani chiqdim va g`alati holatning guvohi bo`ldim. Na nevaralari bobosi-yu momosining gapiga tushunishadi, na ular nevaralarining. Bobo mendan xijolat bo`lib, “Tovba qildim, o`zbekning bolasi o`zbek tilini bilmaydi-ya”, deb gapni kulguga burdi. Ming afsus, farzandlariga ana shunday tarbiya berayotgan qo`shnim bizning shundoq ham soxta kulgumizga jo`r bo`lolmadi...
XULOSA O`RNIDA
Xullas, xulosa chiqaradigan fursat keldi. Ayni paytlarda bong urilayotgan milliy g`ururning bir ko`rinishi bu — tilga nisbatan hurmatdir. O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga ham 32 yil bo`lgan bo`lsa-da, tan olish kerak, tilimizga bo`lgan munosabat hamon qoniqarli emas. Agar buning aksi bo`lganida biz hozir bu mavzuni ko`tarmagan bo`lardik.
Iroda KATTABEKOVA
"Darakchi" gazetasi 2021 yil 9 dekabr soni






