Bugun, 11 dekabr kuni joriy mavsumni “Andijon” jamoasi safida o`tkazgan futbolchi Diyor Rahimqulov avtohalokatga uchrab vafot etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
“Beso`roq o`lim yoshmi, qarimi, olib ketaverar ekan. Iqtidorli, insoniylik hislatlari yuqori bo`lgan futbolchilarimiz soni bittaga kamaydi. Asli, “Bunyodkor” klubiga tegishli bo`lgan, yakuniga etgan mavsumni esa andijonliklar tarkibida ijara asosida o`tkazgan, endi 20 yoshni qarshi olgan Diyor Rahimqulov avtoto`qnashuv natijasida hayotdan ko`z yumganligi haqidagi xabarni oldik. Kelajagi porloq, Olimpiya terma jamoasiga nomzod hisoblangan marhumning yaqinlari, oila-a`zolariga “Andijon”klubi rahbariyati, murabbiylar shtabi, birga to`p surgan jamoadoshlari nomidan chuqur qayg`uda ekanligimizni bildirib, hamdardligimizni izhor etamiz. Oxirati obod bo`lsin!” deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, 19 yoshli Diyor Rahimqulov 2021 yilgi mavsumda "Andijon" klubida ijara asosida to`p surgandi. Uning transfer huquqi "Bunyodkor"ga tegishli.






