Bugun, 10 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boshlandi. Quyi palata Matbuot xizmati xabariga ko`ra, mazkur majlis "UzReport" telekanali orqali, shuningdek, "O`zbekiston24" telekanalining "Yangiliklar" dasturi orqari ham to`g`ridan-to`g`ri efirga uzatilishi kerak edi. Onlayn ko`rish manzili ham e`lon qilindi. Biroq, Parlament quyi palatasining yalpi majlisi to`g`ridan-to`g`ri efirga bor-yo`g`i 48 minut ketdi. Mazkur jonli efir vaqtida majlisni ochib berishga, deputatlar faqat Madhiya qabul qilingan kun munosabati bilan fikr-mulohazalar bildirishga lugurdilar. Jonli efir vaqtida biror-bir masala ko`rilmadi. Roppa-rosa 48 minutlik jonli uzatishdan so`ng majlis onlayn tarmoqdan ham, telekanaldan ham uzildi.
Vaholanki, majlisda deputatlar ko`rib chiqishi lozim bo`lgan, jamoatchilik bilishi kerak bo`lgan qator masalalalar kun tartibidan joy olgan edi. Jumladan, “Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigienasi to`g`risidagi 167-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1988 yil 20 iyun) ratifikasiya qilish haqida”gi, “O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 565-moddasiga o`zgartish va qo`shimcha kiritish to`g`risida”gi, “Er uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish tartib-taomillari to`g`risida”gi Qonunlar va yana aholi uchun muhim hisoblangan boshqa qonun loyihalari muhokamasini jonli ko`rish, deputatlar pozisiyasini bilish imkoni kutilayotgan edi.
Hozircha, holat bo`yicha Qonunchilik palatasi tomonidan yoki biror mas`ul tashkilot tomonidan izoh berilmadi.
"Darakchi.uz" tahririyati






