Arxeologiya san`ati yodgorliklari, masjid va madrasalar, madaniy tarixiy inshootlar, noyob va qadimiy osori-atiqalar mamlakatimizning milliy boyligi va faxri hisoblanadi. Bizning vazifamiz esa o`tgan asrlardagi boy moddiy madaniy mersoni asl holida asrab-avaylashdan iborat.
“Reklama to`g`risida”gi Qonunning 20-moddasiga ko`ra, moddiy madaniy meros ob`ektlarida tashqi reklamani joylashtirish taqiqlanadi. Bu me`yor asrlar davomida avloddan-avlodga o`tib kelayotgan tarixi obidalarni asrab-avaylash maqsadida mustahkamlangan. Biroq O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining o`rganish natijalari har doim ham bunga amal qilinmayotganligini ko`rsatdi. Agentlik tomonidan respublika bo`yicha 386 ta moddiy madaniy meros ob`ektlarida tashqi reklamani joylashtirish bo`yicha o`rganishlar olib borildi. Natijalarga ko`ra, tarixiy obidalarga 25 dan ortiq holatda ruxsatsiz reklama joylashtirilganligi aniqlandi.
Madaniy tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylashga etkazilgan katta zararlar – bannerlar, turli o`lchamdagi bilbordlarni o`rnatish, ularga mix qoqish, simlar bilan osish va boshqa usullar bilan o`rnatishdan iborat bo`ldi. Bu qonunga xilof harakatlarning barchasi, birinchi navbatda davlat muhofazasida bo`lgan moddiy madaniy meros ob`ektlariga zarar etkazilishiga olib keladi.
BUXORO: Eng ko`p qoidabuzarliklar ochiq osmon ostidagi muzey sifatida e`tirof etilgan tarixiy Buxoro shahrida aniqlandi. 1858-1859-yillarda qad rostlagan Ibrohim Oxund madrasasi (M.Ambar ko`chasi, 117-uy) devori bo`ylab bir vaqtning o`zida bir necha: gazlama ustaxonasi, go`zallik saloni va maishiy texnikani ta`mirlash bo`yicha tashqi e`lonlar joylashtirilgan. XIX asrda qurilgan Sayfuddin karvon saroyida gilam to`qish maktabi bo`yicha tashqi reklama osilgan. Buxoroning tarixiy markazi – XVI asrga oid (1534-1535 yillar) Toqqi Sarrafondagi jahonga mashhur an`anaviy yopiq bozorda ham bir qator reklama konstruksiyalari o`rnatilgan va e`lonlar berilgan.
Qayd etish joizki, aniqlangan qonunbuzarliklar tez orada bartaraf etildi. O`rganish natijalariga ko`ra, Agentlik tomonidan qonun hujjatlarini buzgan tadbirkorlik sub`ektlariga ogohlantirish xatlari yuborilib, tashqi reklamani o`rnatish tartibi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.






