9 mln so`m pora bilan qo`lga tushgan Konimex tumani Obodonlashtirish boshqarmasining sobiq boshlig`iga nisbatan sud hukmi o`qildi.
Ma`lum qilinishicha, Konimex tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig`i lavozimida ishlagan 40 yoshli J.K. boshqarma tasarrufidagi “Damas” mashinasini boshqarmaning Zarafobod bo`limi ixtiyoriga o`tkazib berish uchun fuqaro F.M.dan 9 mln so`m talab qilgan. U o`z xizmat xonasida kelishilgan pulni olgan. Shuningdek, J.K. o`zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, tuman obodonlashtirish boshqarmasiga ajratilgan “Isuzu” mashinasini boshqarmaning Zafarobod bo`limi ixtiyoriga o`tkazib berish evaziga F.Z.dan 15 mln so`m talab qilgan hamda kelishilgan pullarni fuqaro M.D. orqali olgan.
Ammo rahbar “va`dasi”ni bajarmagan. “Damas” va “Isuzu” mashinalarini boshqarmaning Zafarobod bo`limiga biriktirib berish paysalga solib kelingan. Bundan norozi bo`lgan F.M. bergan pullarini qaytarishni talab qilgan. J.K. pora tariqasida olgan pullarning bir qismi sifatida 4 mln so`m mablag`ni fuqaro A.M. orqali qaytargan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda qo`lga olingan.
Bundan tashqari, J.K. jinoiy sheriklari F.M. va M.D. bilan birgalikda obodonlashtirish boshqarmasi balansida bo`lgan temir quvurlarni noqonuniy tarzda sotib yuborgan va 20,7 mln so`mlik mol-mulkni o`zlashtirish va rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilgan.
Sud hukmiga ko`ra, J.K.ga 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan hamda 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.






