Kecha Livan poytaxti Bayrut shahrida o`tkazilgan dzyudo bo`yicha o`smirlar va yoshlar o`rtasidagi Osiyo-Okeaniya chempionati o`z yakuniga etdi.
Yakshanba kuni yoshlar o`rtasidagi musobaqalarning og`ir vazn toifasidagi g`olib va sovrindorlari nomi ma`lum bo`ldi. Quvonarli jihati, kechagi bahslarda tatamiga chiqqan 7 nafar dzyudochimizning barchasi medallar bilan taqdirlanishdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.
Kechagi bellashuvlarda yoshlarimizdan Suhrob Rajabov (-100 kg) Islombek Ravshanqulov (+100 kg), Farangiz Xolmurodova (-70 kg), Irisxon Qurbonboevalar (-78 kg) oltin, Xosiyat Masharipova (+78 kg) kumush, Nurbek Murtazoev (-81 kg) va Dilshod Bahodirovlar (-90 kg) esa bronza medaliga sazovor bo`lishdi.
Avvalroq, Osiyo-Okeaniya chempionatida o`smirlarimiz 9ta oltin, 5tadan kumush va bronza medali bilan umumjamoa hisobida 1-o`rinni egallashgan edi. Kecha yoshlarimiz ham ikki kunlik murosasiz bellashuvlar yakuniga ko`ra qit`ada tengsiz ekanligini isbotlashdi.
Yoshlar terma jamoamiz 7ta oltin, 2ta kumush, 6ta bronza, jami 15ta medal bilan 15ta davlat orasida umumjamoa hisobida faxrli 1-o`rinni band etishdi. To`rt kun davomida Bayrutda 16 marotaba O`zbekiston madhiyasi yangradi. Ta`kidlash kerak, mamlakatimiz dzyudosi tarixida hali bunday natija kuzatilmagan edi.
Yoshlar o`rtasidagi bellashuvlarda Qozog`iston terma jamoasi 3ta oltin, bitta kumush, 5ta bronza medali bilan 2-o`rinni qo`lga kiritgan bo`lsa, kuchli uchlikka 2ta oltin, 5ta kumush, 4ta bronza medali bilan Janubiy Koreya terma jamoasi yakun yasadi.






