AsosiyJamiyat

Qonun loyihasi ma`qullandi: mansab mavqeini suiiste`mol qilganlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin

'Qonun loyihasi ma`qullandi: mansab mavqeini suiiste`mol qilganlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin'ning rasmi

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi majlis bo`lib o`tmoqda, deya xabar qildi quyi palata Matbuot xizmati. 

Deputatlar “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta`minlashga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasini birinchi o`qishda ko`rib chiqishmoqdi.

Hujjat bilan Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo`limi “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan to`ldirilmoqda. Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun aybdor shaxsga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytirish maqsadida Jinoyat kodeksining 167 va 168-moddalarida ko`rsatilgan jinoyatlar mansab mavqeini suiiste`mol qilish yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilganligi ushbu moddalarning og`irroq qismiga o`tkazilib, mazkur qilmishlar uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta`minlash, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga engillashtiruvchi normalarni qo`llashni cheklash maqsadida qator normalarga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Jinoyat kodeksining 73 va 74-moddalarida o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to`lovlarni to`lashdan bo`yin tovlash uchun hukm qilingan, biroq jinoyat oqibatida etkazilgan zararni to`liq qoplamagan shaxslarga hamda poraxo`rlik bilan bog`liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish, jazoni engilrog`i bilan almashtirish tatbiq qilinmasligi belgilanmoqda.

 Majlisda  qonun loyihasi birinchi o`qishda konseptual jihatdan qabul qilindi. 

    Boshqa yangiliklar