Sog`liqni saqlash vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag`ishlangan Antikorrupsion haftalik doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Tadbirda ta`kidlanganidek, vazirlik tizimida korrupsiyaga oid qonunbuzarlik holatlarining oldini olish va bartaraf etish yo`nalishida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, vazirlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish komplaens ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tashkil qilinib, uning asosiy vazifalari sifatida vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha “komplaens-nazorat” (compliance control) tizimini joriy etish va uni takomillashtirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsion xavf-xatarlarni o`z vaqtida aniqlash, ularning kelib chiqish sabablarini o`rganish va bartaraf etish bo`yicha takliflar ishlab chiqish belgilangan.
Shuningdek, masofadan monitoring qilish orqali shubhali vaziyatlar avval tahlil qilinib, aniqlangan holatlar natijalariga ko`ra mutaxassislarni ob`ektlarga yo`naltirish yo`lga qo`yilgan.
Tadbirda vazirlik faoliyatida asosiy e`tibor moliyaviy xato va kamchiliklarning oldini olish bo`yicha profilaktika chora-tadbirlariga qaratilayotganligi ta`kidlab o`tildi.
Shuningdek, sog`liqni saqlash tizimidagi faoliyat jarayonlari ochiqligini ta`minlash bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so`z yuritildi.
Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan Davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag`larning samarali ishlatilishini nazorat qilish, tizimdagi korrupsion xavf-xatarlar, moliyaviy xato va kamchiliklarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish yuzasidan ishlar davom ettirilishi qayd etildi.






