O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov 30 noyabr kuni Vengriya poytaxti Budapeshtda o`tayotgan "Planet Budapest - 2021» Xalqaro anjumanida ishtirok etdi. Hungexpo ko`rgazmalar markazida tashkil etilgan mazkur xalqaro anjuman doirasida tashkil etilgan «Barqaror rivojlanish olami» sammitida davlat va hukumatlar rahbarlari, davlat idoralari rahbar xodimlari, xalqaro ekspertlar, ilmiy jamoatchilik va biznes vakillari barqaror rivojlanish masalalarini muhokama qildilar.
Sammitni Vengriya, Polsha va Slovakiya prezidentlari, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti Bosh kotibi Matias Korman tabrik nutqlari bilan ochib berdilar. Shundan so`ng pandemiyadan keyin dunyo, iqlim o`zgarishi va sirkulyar iqtisodiyotga bag`ishlangan uchta tematik sessiyalar o`z ishini boshladi.
Tadbir doirasidagi «Atrof-muhit o`zgarishi — xavfdan imkoniyatga» mavzusidagi panel sessiyada I.Abdurahmonov nutq bilan chiqish qildi. Vazir atrof-muhit o`zgarishi, sohada yuzaga kelayotgan muammo va xavflar to`g`risida gapirib, O`zbekistonda ekologik muammolarni engib o`tishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma`lumot berdi. Shu bilan birga, yuzaga kelayotgan iqlimiy xatarlarni prognoz qilish, yumshatish va ularni imkoniyatga aylantirish masalalari muhokama etildi.
Vazir 2021 yil 18 mayda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to`g`risida Maxsus rezolyusiya qabul qilingani haqida to`xtalib, O`zbekistonda bugungi kunda Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo`yicha 7 ta yo`nalish belgilanganini gapirdi. Ushbu yo`nalishlar bo`yicha 65 ta ustuvor innovasion loyihalar amalga oshirilayotgani haqida so`zlab, ulardan ayrimlarga alohida to`xtaldi.






