Namanganda haydovchi chora ko`rilmasligi uchun YPX xodimiga 1000 AQSh dollar miqdoridagi pul va 4 dona televizorlarni pora tariqasida taklif qildi. Bu haqda IIV YHXBB Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Keltirilishicha, kecha, 1 dekabr kuni soat 08:00 larda Namangan viloyati, Pop tumani hududida joylashgan "Namangan" muntazam YPX maskanida xizmat olib borayotgan YPX xodimi F.Mamatqulov tomonidan maskandan harakatlanib o`tayotgan "Cobalt" rusumli avtomobil to`xtatilgan.
Tekshiruv davomida avtomobilda 16 dona tegishli hujjatlarsiz televizorlar olib ketilayotgani ma`lum bo`lgan va bayonnoma orqali tuman IIBga olib kelingan. Haydovchi holat yuzasidan tegishli chora ko`rilmasligi uchun YPX xodimiga 1000 AQSh dollar miqdoridagi pul va 4 dona televizor berishni taklif qilgan. YPX komandiri o`rinbosari A.Abdusamadov mazkur holat bo`yicha viloyat IIB boshlig`iga bildirgi orqali, pora taklif qilayotgan fuqaroga qonuniy chora ko`rilishini so`ragan.
Bildirgi asosida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o`tkazilib, Pop tumani IIB ma`muriy binosi yonida haydovchi, 1992 yilda tug`ilgan X.S. YPX xodimiga 900 AQSh dollar miqdoridagi pulni pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






