30-noyabr kuni tushdan keyin Marshal Konev ko`chasidagi ko`p qavatli uyda portlash sodir bo`lgan.
Portlash sodir bo`lgan vaqtda liftning ichida shu uyda yashovchilardan biri bo`lgan. Erkak turli tan jarohatlari olib, kasalxonaga yotqizilgan. Tergovchilar kabinadan qo`lbola portlovchi qurilma izlarini topishgan.
Bombani liftga shu uyda yashovchi 50 yoshli elektrik Aleksandr Chernov qo`ygani ma`lum bo`lgan. U qo`shnisi bilan uzoq vaqtdan beri kelisholmay yurgan. Ustiga ustak yaqinda qo`shnisi xonadonida ta`mirlash ishlarini boshlagan. Shovqinga dosh berolmagan Chernov uzoq vaqtdan beri davom etayotgan mojaroni g`ayrioddiy tarzda hal qilishga qaror qiladi. U uyida bomba yig`ib, lift kabinasiga qo`yadi. Qo`shnisi liftga kirgandan so`ng, u qurilmani ishga tushiradi.
Ammo qo`shnisi omon qolgan va suiqasddan bir necha soat o`tgach, Chernov qo`lga olingan. Uning uyidan bombaning qismlari va uni yasashda foydalaniladigan turli xil asboblar topilgan. Chernovga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atilgan.






