Samarqand viloyati Narpay tumanidagi gaz "zapravka"da 300 ming xonadonga bir kunga etadigan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan. Bu haqda Energetika vazirligining Matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lumotlarga ko`ra, 18 noyabr kuni Samarqand viloyatida o`tkazilgan tadbir davomida Narpay tumani, “Tepa” MFY hududida faoliyat yuritayotgan "Oqtosh Diyorbek Nur” MChJga qarashli avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor shohobchasining tabiiy gazdan foydalanish holati o`rganilgan.
O`tkazilgan nazorat tadbiri davomida gaz hisoblash uskunasidan tashqari AGTKSh hududidan o`tuvchi “Oromgoh” kichik sanoat zonasini tabiiy gaz bilan ta`minlovchi kesimi 159 mm.li gaz tarmog`iga yashirincha o`zboshimchalik bilan ulanib tabiiy gazdan foydalanayotganligi aniqlangan.
Ushbu noqonuniy holat bo`yicha dastlabki hisoblangan gaz hajmi 5 mln 424,0 ming metr kubni va etkazilgan zarar miqdori 5 mlrd 424,0 mln so`mni tashkil etgan.
Mazkur hajmdagi tabiiy gaz 300 ming xonadonning bir kunlik iste`molini tashkil qiladi.
Yuqorida qayd etib o`tilgan noqonuniy holatlar bo`yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar chora ko`rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.






