“Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlikni belgilash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–22-son, 27.11.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko`ra, 2021 yil 1 dekabrdan:
➖ shaxs sog`lig`ining holatiga ko`ra, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga borish imkoniga ega bo`lmagan holatda nogironlikni belgilash biriktirilgan hududlarga chiqib ko`chma majlislarda, shaxsning uyida yoki davolanishda bo`lgan stasionarda hamda sirtdan ko`rikdan o`tkazish orqali tashkil etiladi;
➖ nogironlik belgilari aniq ko`rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo`lgan shaxslarni klinik-funksional ma`lumotlarni olishga doir qo`shimcha tekshiruvdan o`tkazmasdan turib, tasdiqlangan kasalliklar ro`yxati asosida fuqaro ishtirokisiz ular nogironligi bo`lgan shaxs deb topilganda nogironlik muddatsiz davrga belgilanadi;
➖ tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan nogironlik to`g`risidagi ma`lumotnomalarda nogironligi bo`lgan shaxslarning ishlashi mumkin bo`lgan kasblar bo`yicha tavsiyalar beriladi.
2022 yil 1 avgustdan Toshkent shahrida, 2023 yildan respublikaning boshqa barcha hududlarida nogironligi bo`lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida hisobga olish va ko`rikdan o`tkazishning yangi “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimi joriy etiladi.
Qarorga ko`ra, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tashkil etilib, shu munosabat bilan Sog`liqni saqlash vazirligi tizimining shifokorlari zimmasiga 18 yoshgacha bo`lgan bolalarga nogironlikni belgilash bo`yicha yuklatilgan qo`shimcha funksiyalar bekor qilindi.






