Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakilining (ombudsmanning) Qoraqalpog`iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili va Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligi Inson huquqlarini himoya qilish bo`limi bilan birgalikda Chimboy “Muruvvat” nogironligi bo`lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida vasiylikka olinganlarga yaratilgan shart-sharoitlarni o`rgandi. Bu haqda Ombudsman matbuot xizmati ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, monitoring davomida tegishli tartibda tasdiqlangan kundalik taomnoma asosida, oziq-ovqat mahsulotlarining berilayotganligi holati o`rganilganida qator kamchiliklar aniqlangan.
Jumladan, joriy yilning 10 noyabr kuni ikkinchi nonushtaga non, tvorog, smetana va qandli choy berilishi nazarda tutilgan bo`lsada, vasiylikka olinganlarga faqatgina pechene va choy berilgan.
Bundan tashqari, internatda saqlanayotganlarga o`z vaqtida tibbiy muolajalar ko`rsatilmayotgani ham aniqlangan.
Shu jumladan, joriy yilning 5-15 noyabr kunlari oralig`ida massaj qilish uchun biriktirilgan internat xodimi J.A. tomonidan vasiylikka olinganlarga umuman massaj muolajalari olib borilmagan bo`lsada, ularga massaj qilganligi to`g`risida tegishli jurnallar to`ldirgan.
Shuningdek, aniq vaqt oralig`ida qilinishi kerak bo`lgan muolajalarni o`tkazishi kerak bo`lgan xodim xam ishga kelmaganligi va xizmat ko`rsatilmaganligi, lekin tegishli jurnallarda vasiylikka olingan shaxs uchun dori vositasi sarflanganligi qayd qilingan.
Internat xodimlari tomonidan vasiylikka olinganlarga kiyim-kechak, poyafzal, boshqa buyumlar va tasdiqlangan normalar bo`yicha yumshoq anjomlarning tarqatilishi holati o`rganilganida ham ularni rasmiylashtirishda omborxona mudiri tomonidan xatoliklarga yo`l qo`ygani, ba`zi xollarda olingan anjomlar tegishli tartibda vasiylikka olinganlarga tarqatilmagani aniqlangan.






