AsosiyJamiyat

Birjada benzin narxlari tushayapti, lekin "zapravka"larda narx xaliyam o`sha-o`sha-osmonda — Kusherbaev benzin narxlari haqida gapirdi

'Birjada benzin narxlari tushayapti, lekin "zapravka"larda narx xaliyam o`sha-o`sha-osmonda — Kusherbaev benzin narxlari haqida gapirdi'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev Telegramdagi rasmiy sahifasida benzin narxlari haqida fikr bildirdi:

Otning o`limi itning bayramimi?

Birjada benzin narxlari tushayapti, lekin "zapravka"larda narx xaliyam o`sha-o`sha-osmonda.

Eng ko`p" zapravka"larga ega “O`zbekneftgaz” AJning “UNG Petro” AYoQShlarida Toshkent shahrining o`zida odatda kunlik 550-600 tonna AI 80 markali avtobenzin iste`molchilarga sotib kelingan ekan.

So`nggi kunlarda aynan “UNG Petro” zapravkalarida AI 80 benzinini topib bo`lmay qoldi.

Kamiga Monopoliyaga qarshi kurash qo`mitasi benzin bo`yicha cheklov o`rnatibdi. Katta ehtimol bilan bu benzin taqchilligiga sabab bo`lmoqda. Ya`ni kunlik katta lotlarda 120 tonna va kichik lotlarda 10 tonna benzin cheklovi o`rnatilgani sababli, Toshkent shahrining o`zida kuniga 550-600 tonna benzin sotadigan “O`zbekneftgaz” zapravkalarida benzin etmayapti.  

 Demak, ushbu cheklov benzin narxini tushirish o`rniga aksincha taqchillik olib kelib, narx tushmasligiga sabab bo`lishi mumkin.

Savol: unda bu cheklov nima uchun xizmat qilayapti?

Ma`lumotlarga ko`ra, xususiy tadbirkorlar hozirda benzinni har  tonnasini 7 million so`mdan xarid qilib atiga 3-4 "zapravka"lari orqali sotib kelishmoqda. O`rtadagi farqni kattaligini tushunish qiyinmas: 50 ta zapravkasi bor “UNG Petro”ga ham 130 tonna, bitta "zapravka"si borga ham 130 tonna.

Eng yomoni birorta ham benzin "zapravka"ga ega bo`lmagan ulgurji savdo vakillari ham Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining cheklovi ortidan negadir AI 80 benzin sotib ola boshlashgan.  

Katta ehtimol bilan ular qishda  "gaz zapravka"larida navbatlar cho`qqisiga chiqqanda benzinni yanada qimmatga sotish uchun   g`amlashyapti yoki ustiga qo`shimcha narx qo`yib sotish harakatida. Boshqacha bo`lishi ham mumkinmas.

 Hisoblab ko`rsak bugun har tonnasi 7 million so`mga aylangan benzin  

barcha soliq va "zapravka" xarajatlarini qo`shib hisoblaganda chakana savdoda 1 litriga 6 ming so`m degani. Lekin, Toshkentdagi xususiy "zapravka"larda eng arzon benzin 7900 so`mdan boshlanadi.  

Buni “O`zneftgazinspeksiya” bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi nazoratga olib, tartibga solishlari kerak. “Shahar bedarvoza"masku.

Shu o`rinda bitta taklif: benzin faqat benzin "zapravkasi" bor biznes vakillariga sotilgani ma`qul. G`amlab qo`yib, bozorda sun`iy defisit hisobiga boyimoqchi bo`lganlarga emas.

Unutmaylik, besh qo`lni og`izga tiqish, og`izni yirtishi mumkin. Ustiga ustak xalqni qiynalishi hisobiga bo`lsa.

Shuning uchun otning o`limini itning bayramiga aylantirmaylik o`rtoqlar.

Darvoqe, O`zbekistondagi 80 foiz neftni qazib chiqaramiz, deb maqtanadigan "Jizzax petroleum"ni asosiy benzini qayoqqa ketayotgani(o`zi xalqqa tegishli neft quduqlari ularga qanday o`tib qolgani ham qiziq), Farg`onadagi neft zavodi qancha benzin ishlab chiqarayotgani ham ochiqlansa yaxshi bo`lardi. Mas`ullar bunga javob berishlari kerak o`zi.

    Boshqa yangiliklar