Rossiya Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish federal xizmati rahbari, Rossiya Federasiyasi Bosh davlat sanitariya vrachi Anna Popova boshchiligidagi delegasiyaning O`zbekistonga tashrif buyurdi. Delegasiya Sog`liqni saqlash vaziri B. Musaev bilan uchrashib, aholi salomatligini saqlash yo`lidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
O`zaro muloqot chog`ida COVID-19 pandemiyasi paytida mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar muvaffaqiyatli sinovdan o`tganligi ta`kidlanib, ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli rejalar, koronavirusning yangi shtammlarini o`rganish, jamoaviy immunitetni shakllantirish, bunda vaksinalarning o`rni va samaradorligiga doir qator masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, OITS va boshqa o`ta xavfli yuqumli kasalliklar bo`yicha tadqiqotlar, ilmiy ishlar olib borish, sanitariya va epidemiologiya sohasida kadrlar tajriba almashuvini yo`lga qo`yish, biolaboratoriyalar tashkil etish, tibbiy ta`lim yo`nalishida o`zaro hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish kabi qator dolzarb vazifalar yuzasidan ham fikr yuritildi.
Rossiya delegasiyasi a`zolari tashrif doirasida Zangiotadagi davolash komplekslari va u erdagi shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi.
— O`zbekistonga birinchi kelishim, — deydi A. Popova. — Ochig`i, juda hayratlandim. Ayniqsa, Zangiotadagi unikal davolash komplekslarida yaratilgan sharoitlar e`tirof etishga arziydi. Xirurgiya, kardiologiya, akusherlik-genikologiya, pediatriya kabi barcha tibbiy xizmatlarning bir joyda jamlanishi, ayniqsa, koronavirusga chalingan gemodializga muhtoj bemorlarning ham shu erda davolanishi dunyoning qator davlatlari o`rgansa bo`ladigan ibratli tajribadir.
A. Popova boshchiligidagi delegasiya a`zolari, shuningdek, “Tashkent Pharma Park” innovasion ilmiy-ishlab chiqarish farmasevtika klasteri, Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg`or texnologiyalar markazi hamda Respublika virusologiya ilmiy tekshirish institutida ham bo`ldi.






