AsosiyJamiyat

Toshkentda maktab o`quvchilarining sumkalari tekshirilayotganiga Milliy gvardiya izoh berdi

'Toshkentda maktab o`quvchilarining sumkalari tekshirilayotganiga Milliy gvardiya izoh berdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda maktab o`quvchilarining sumkalari Milliy gvardiya Toshkent shahri bo`yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan tekshirilayotganligi va bu xatti-harakatlar noqonuniyligi haqida ma`lumotlar tarqalmoqda.

Ushbu holat yuzasidan quyidagilar ma`lum qilindi. 

25-noyabr kuni taxminan soat 12:30 larda poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan “Do`stlik” madaniyat va istirohat bog`iga tashrif buyurgan mehmonlar, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari oddiy askarlar Z.Meliqo`ziev va M.Madaminovlarga murojaat qilishgan. Murojaat mazmun-mohiyati o`smirlarning jamoat joyida “bombochka portlatgani” haqidagi shikoyatdan iborat edi.

Harbiy xizmatchilar zudlik bilan belgilangan joyga borib, u erda uch nafar voyaga etmagan bolani ko`rishgan. Ikki nafar 5-sinf o`quvchilari A. Sh. va R. Sh.lar pirotexnika vositalarini odamlarga, asosan, keksalar va ayollar oldiga tashlagan. O`smirlardan biri harbiy xizmatchilarning pirotexnika vositalarini ularga topshirish talabiga bir quti “bombochka” bergan, ikkinchisi uni sumkasiga yashirgan. Sumka ichidagi pirotexnika vositalari olib qo`yilayotgan vaqtda mazkur holat fuqarolar tomonidan tasvirga olinib, internetga joylangan.

O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 185-1-moddasiga muvofiq, pirotexnika vositalaridan foydalanish huquqbuzarlik deb topilib, buning uchun huquqbuzarlik ashyolari musodara qilingan holda jarima solishga sabab bo`ladi. Voyaga etmagan shaxslarning ota-onalari voqea haqida zudlik bilan xabardor qilingan.

Harbiy xizmatchilar O`zbekiston Respublikasining “Milliy gvardiya to`g`risida”gi qonunining 26, 27-moddalariga asosan harakat qilgan. Ularning xatti-harakatlarida qonun buzilishi va mansab vakolatlarini suiiste`mol qilish holatlari kuzatilmagan.

    Boshqa yangiliklar