Internetda davlat soliq xizmati organlarining yangi elektron soliq xizmatlari portali – my.soliq.uz test rejimida ishga tushirildi.
O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi axborot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, loyihaning asosiy maqsadi – davlat soliq xizmati organlari tomonidan aholi va tadbirkorlik sub`ektlariga ko`rsatiladigan elektron davlat xizmatlarini takomillashtirish, soliq to`lovchilarga qo`shimcha qulayliklar yaratishdan iborat.
Zarur xizmatni tez va oson qidirish mumkinligi portalning muhim qulayligi hisoblanadi. Bunda O`zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to`g`risida»gi qonuni talablaridan kelib chiqib, davlat soliq xizmati organlarining barcha elektron davlat xizmatlari interaktiv va axborot davlat xizmatlariga saralangan. Ularni qidirishni yanada soddalashtirish maqsadida murojaat va hisobotlarni yuborish, ro`yxatga olish, soliqlarni hisoblash va ma`lumotnomalar olish kabi xizmat yo`nalishlariga ajratilgan. Jismoniy va yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun xizmatlarni tanlash imkoniyatlari mavjud.
Yana bir yangilik bu – barcha toifadagi soliq to`lovchilar uchun alohida shaxsiy kabinet ochilgan. Shaxsiy kabinetda bir qancha qulayliklar yaratilgan. Jumladan, «Shaxsiy ma`lumotlar», «Hisob-kitoblarning joriy holati», «Soliq organlari bilan yozishmalar», «Foydali ma`lumotlar» kabi mavzuga oid xizmatlar qulay navigasiyali bloklarga ajratilgan.
Soliq to`lovchilar har bir xizmat bo`yicha o`z fikr va baholarini qoldirishi, soliq organlari esa soliq to`lovchilarning fikrlarini o`rganishi, taklif va e`tirozlarini ko`rib chiqish imkoniyatiga ega.
Bugungi kunda davlat soliq xizmati organlari tomonidan 26 turdagi elektron davlat xizmati ko`rsatilmoqda, 10 yangi xizmat test rejimida taqdim etilmoqda. Soliq to`lovchi toifasi va joylashgan joyidan qat`i nazar barcha xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega.
Ish jarayonini kuzatish va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida my.soliq.uz portali aprel oyida test rejimida ishlaydi. Ushbu davr mobaynida foydalanuvchilar oldingi tizimdan ham foydalanishlari mumkin.





