Turkiyaning janubiy-sharqida joylashgan Shonliurfa provinsiyasida Xilvan shahrida yashovchi besh kishi Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo`g`onni haqorat qilganlikda ayblanib, hibsga olindi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Avvalroq Turkiya polisiyasi prezidentni haqorat qilgan olti kishini qo`lga olgan edi. Biroq sud ulardan birini ozod qildi.
Ma`lumotlarga ko`ra, hibsga olinganlar Erdo`g`onni ijtimoiy tarmoqlar orqali haqorat qilgan. Bundan tashqari ular Turkiyada taqiqlangan Kurdiston Ishchi partiyasi terrorchilik guruhiga a`zolikda ham ayblanmoqda.
Turkiya adliya vaziri Bekir Bozdagning aytishicha, mamlakatda yashovchi 1845 nafar fuqaroga nisbatan Erdo`g`onni haqorat qilish bo`yicha ayblovlar ilgari surilmoqda. Turkiya qonunlariga ko`ra, prezidentni haqorat qilgan fuqaroga nisbatan jarima yoki bir yildan to`rt yilgacha qamoq jazosi qo`llaniladi.





