AsosiyJamiyat

O`zbekistonda «Keksalar haftaligi» boshlandi. Qaerda qanday tadbirlar o`tkaziladi?

'O`zbekistonda «Keksalar haftaligi» boshlandi. Qaerda qanday tadbirlar o`tkaziladi?'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan 4-10 oktyabr kunlari O`zbekistonda «Keksalar haftaligi»ni o`tkazish belgilangan.

Haftalik doirasida:

  • yurtimizdagi barcha mahallalarda nuroniylar, shu jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida istiqomat qilayotgan keksalar ishtirokida madaniy-ma`rifiy tadbirlar, tanlovlar, xayriya tadbirlari, jumladan, nuroniy va yoshlar o`rtasida shaxmat-shashka bo`yicha “Aql charxi” turniri, voleybol, mini-futbol, stol tennisi va boshqa sport musobaqalari;
  • jamoatchilik vakillari ishtirokida hududlardagi yangi qad rostlagan “Nuroniylar maskani”, “Mahalla markazi” majmualari, fuqarolar yig`ini binolari hamda mahallalardagi boshqa ijtimoiy ob`ektlarning ochilish marosimlari;
  • mahallalarda hunarmand-ustalar, kulollar tomonidan yaratilgan milliy mahsulotlar hamda turli millat vakillarining amaliy san`at, hunarmandchilik buyumlari, liboslari ko`rgazmalari;
  • nuroniylar ishtirokida muzey, ziyoratgoh va qadamjolar, shuningdek, yurtimizdagi diqqatga sazavor joylarga sayohatlar; 
  • ziyoratgoh va qabristonlar, yakka, yolg`iz keksalar xonadonida hashar asosida obodonlashtirish ishlari; 
  • 100 yosh va undan katta yoshdagi nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirokida “Asr bilan yuzma-yuz” mavzusidagi tadbirlar;
  • ta`lim muassasalarida ibratli hayot yo`li va mehnati bilan aholi o`rtasida obro`-e`tibor qozongan keksalar ishtirokida “Nuroniylar — yoshlar nigohida” mavzusida uchrashuv va ko`rik-tanlovlar, rasmlar ko`rgazmasi;
  • mahallalarda “Bobom, buvim va men kitobxon” shiori ostida kitobxonlik aksiyalari; 
  • oilalarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni yanada sog`lomlashtirish maqsadida keksa avlod vakillari ishtirokida “Keksa avlod oilaviy ajrimlarga qarshi”, “Biz bor joyda jinoyatga o`rin yo`q”, “Hayotning qadriga et” mavzularida davra suhbatlari tashkil etiladi.

 

  Shuningdek, “Keksalar haftaligi” davomida:

  • pensioner, yakka va yolg`iz yashovchi keksalar holidan xabar olinib, ularning uy-joy, maishiy muammolarini hal etishga ko`maklashiladi, oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etiladi;
  • turli sohalarda faoliyat yuritib nafaqaga chiqqan keksa avlod vakillari ishtirokida uchrashuvlar uyushtiriladi; 
  • malakali shifokorlardan tashkil topgan “Tibbiyot avtobuslari” orqali respublikamizning barcha hududlari, jumladan, chekka va olis hududlarda joylashgan mahallalarda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylar chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi hamda zarur dori-darmon vositalari bilan ta`minlanadi;
  • nogironligi bor keksa ayollarga reabilitasiya vositalari, ya`ni nogironlik aravachasi, hassa va qo`ltiqtayoq, eshitish moslamalari taqdim etiladi;
  • “100 yosh bilan yuzlashganlar” nomli kitob-albom, “Keksalik va ma`naviy meros”, “Keksalari e`zozlangan yurt” nomli risolalar taqdimoti o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar