AsosiyIqtisodiyot

2024 yilgacha ayrim tovarlarni O`zbekistonga olib kirishda bojxona boji bekor qilindi

'2024 yilgacha ayrim tovarlarni O`zbekistonga olib kirishda bojxona boji bekor qilindi'ning rasmi

“Xizmatlar sohasini qo`llab-quvvatlashga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident farmoni (PF–6318-son, 30.09.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Farmonga ko`ra, O`zbekistonga olib kirishda quyidagi tovarlar va transportlar uchun bojxona boji bo`yicha imtiyozlarning amal qilish muddati 2024 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi:

➖ belgilangan ro`yxat bo`yicha yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan lizing shartnomasi asosida olib kiriladigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari;

➖ nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun yangi tez tibbiy yordam avtomobillari;

➖ belgilangan ro`yxatlarga ko`ra tematik xiyobonlar, mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarini qurish, qayta ta`mirlash va jihozlash uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, qurilish va boshqa materiallar;

➖ ishlab chiqarilganiga 5 yildan ortiq bo`lmagan, yo`lovchilarni tashishda foydalaniladigan 8 va undan ortiq o`rindiqlarga ega transportlar;

➖ O`zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, transport-logistika xizmatlari ko`rsatishga mo`ljallangan, belgilangan ro`yxatlardagi omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar, ehtiyot qismlar;

➖ dor (osma) yo`llari, tog`-chang`i ko`targichlar, funikulyorlar va boshqa o`xshash ob`ektlar, “banji-jamping” va “ziplayn” attraksionlari, boshqariladigan (dirijabl, havo shari) va boshqarilmaydigan  aerostatlar, gondolalar, “rafting” va “flaybording” uchun uskunalar, mexanizmlar va ehtiyot qismlar.  

➡️ O`zbekistonga olib kirishda quyidagi tovarlar 2021 yil 1 oktyabrdan 2024 yil 1 yanvargacha bojxona bojidan ozod qilinadi:

➖ belgilangan ro`yxat bo`yicha ta`lim tashkilotlari uchun o`quv laboratoriya va maxsus asbob-uskunalar va jihozlar;

➖ taqiqlanmagan o`yin avtomatlari, videoo`yinlar uchun uskunalar va bouling uchun avtomatik uskunalar;

➖ belgilangan ro`yxat bo`yicha yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi stomatologiya va kosmetologiya asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari.

    Boshqa yangiliklar