“Artist” serialini suratga olish yakunlariga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.
Serial ijodkorlari hamda yoshlar ishtirok etgan anjumanda zamonaviy komediya yo`nalishi – sitkom janrida suratga olingan mazkur serialdan lavha namoyish etildi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan bir qator tashkilot hamda muassasalar hamkorligida suratga olingan serial yoshlar hayotiga bag`ishlangan.
Serialda yosh artistning san`atda o`z o`rniga ega bo`lishi, maqsad sari dadil odimlashi, do`stlar o`rtasidagi ijobiy muhit, samimiy va iliq munosabatlar yangicha uslubda ochib beriladi. Mamlakatimizda ilgari bunday janrda serial suratga olinmagan, - deydi serial rejissyori Ayub Shahobiddinov.
Mazkur serialning birinchi qismini suratga olish ishlari yakunlandi. Serial tez orada ekran yuzini ko`radi.
Serial ssenariysi muallifi Yolqin To`ychiev. Rollarni Karim Mirhodiev, Adiz Rajabov, Asal Shodieva, Murod Rajabov, Yulduz Rajabova, Nargiza Salmonova, Akbarxo`ja Rasulov, Bahora Arslonova, Doniyor Hafizov, Umarjon Jumaev singari aktyorlar ijro etgan.





