Milliy matbuot markazida pochta aloqasi milliy operatori – “O`zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining asosiy yo`nalishlari masalalari muhokamasiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
1994 yilda mamlakatimiz Butunjahon pochta ittifoqining to`laqonli a`zosiga aylangan. Bugungi kunda dunyoning 130 dan ortiq mamlakatining pochta ma`muriyatlari bilan to`g`ridan-to`g`ri aloqa yo`lga qo`yilgan.
Ayni paytda «O`zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyati tarkibida uchta ixtisoslashtirilgan filial – «Xalqaro pochtamt», «O`zbekiston markasi» va «Xalqaro tezkor pochta», Pul o`tkazmalari nazorati markazi, 14 mintaqaviy filial, 178 tuman va shahar tarmoqlari, uch mingga yaqin aloqa bo`limlari faoliyat yuritmoqda.
«O`zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyati korporativ kompyuter tarmog`i bazasida «Elektron pul o`tkazmalari», «Ro`yxatga olinuvchi pochta jo`natmalarini nazorat qilish tizimi» va «Obuna» avtomatlashtirilgan tizimi faoliyat yuritmoqda.
Matbuot anjumanida “O`zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan xodimlar malakasini oshirishga alohida e`tibor qaratilayotgani ta`kidlandi. Jumladan, har yili 4500 ga yaqin xodim o`z malakasini oshirmoqda.
Joriy yilda pochta aloqasi ob`ektlarida 56 infokiosk o`rnatilishi belgilangan. 2019 yil oxirigacha bu ko`rsatkich 1800 ga etadi. Shuningdek, istiqbolda «Mobil qurilmalar vositasida to`lovlarni qabul qilishning avtomatlashtirilgan tizimi» dasturiy modulini yaratish, «Internet-obuna» tizimi qamrovini kengaytirish, pochta orqali ko`rsatiladigan sug`urta xizmatlari turi va hajmini oshirish ko`zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, kasb-hunar kollejlarining 1,9 mingdan ziyod va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda uning filiallarining 890 bitiruvchisini pochta aloqasi, iqtisodiyot, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, buxgalteriya va menejment kabi mutaxassisliklar bo`yicha ish bilan ta`minlash rejalashtirilmoqda.





