AsosiyShou-biznes

II "PROlogue" festivaliga ctart berildi

“O`zbekkino” Milliy agentligi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa hamkor tashkilotlar bilan «PROlogue» – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar II Respublika festivalini o`tkazadi.

Festival uchun arizalar qabuli boshlandi, deya xabar beradi “O`zbekkino” Milliy agentligi axborot xizmati.

Tadbir yosh iste`dodlarni izlab topish, ularni qo`llab-quvvatlash va keng jamoatchilikka tanitish, yosh ijodkorlarning professional malakasini oshirish, katta ekranlarda o`z ijodini namoyish etishga yo`l ochib berish maqsadida o`tkaziladi.

Festivalda 35 yoshgacha bo`lgan professional va havaskor kinoijodkorlar tomonidan so`nggi ikki yil mobaynida suratga olingan, umumiy vaqti 30 daqiqadan oshmaydigan qisqa metrajli badiiy filmlari bilan ishtirok etishlari mumkin.

Arizalar 1 oktyabrga qadar qabul qilinadi, filmlar 20 oktyabrga qadar saralab olinib, 16-20 noyabr kunlari ularning namoyishlari o`tkaziladi, 21 noyabr kuni Festival g`oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo`lib o`tishi rejalashtirilgan.

Festival g`oliblari maxsus sovrinlar va diplomlar bilan taqdirlanadi. Jumladan, «Eng yaxshi qisqa metrajli badiiy film» uchun bosh sovrin, «Eng yaxshi ssenariy», «Eng yaxshi rejissyorlik ishi», «Eng yaxshi operatorlik ishi» bo`yicha g`oliblar aniqlanadi.

    Boshqa yangiliklar