AsosiySUG'DIYONA

Shaxsiy hayotda baxtini topolmagan dunyo go`zallari

Mashhurlikning cho`qqisiga chiqa olgan bu ayollarning yolg`izligiga ishonish qiyin.
Go`zal bo`lib emas, balki baxtli bo`lib tug`ilmoq muhimdir deb bejiz aytilmagan bo`lsa kerak. Bu xuddi hozir biz nomlarini sanab o`tmoqchi bo`lgan go`zallarga tegishliday. Go`zalligini olam tan olgan bu ayollarning yonida bo`lishni dunyodagi har bir erkak orzu qilishiga qaramay, ular shaxsiy hayotda o`z baxtlarini topolmaganlardan.

Adriana Lima

Braziliyalik supermodel Adriana Limaning shaxsiy hayoti moda jurnallarining muqovasiga ko`rk bag`ishlagani kabi go`zal emasligiga ishonish qiyin. Qiz diniy tarbiya olganidan 27 yoshigacha, to turmush qurgunga qadar erkaklar bilan gaplashmagan. Oshiqlari son-sanoqsiz bo`lishiga qaramay, Adriana faqat ikkita erkak bilan, ya`ni unashtirgan yigiti Lenni Kravis (munosabatlar to`ygacha etib bormay buzilgan) va turmush o`rtog`i, bolalarining otasi bo`lmish serbiyalik basketbolchi Marko Yarich bilan muloqotda bo`lgan. Bu juftlikning baxti bekamu-ko`st tuyulgan edi, ammo ular dabdurustdan ajrashayotganlari haqida e`lon qilishdi. Ularning besh yil baxtli hayot kechirishdi. Mish-mishlarga qaraganda basketbolchi boshqa model bilan ishqiy munosabatda bo`lgan.

Rianna

Barbadossalik go`zal Riannani erkaklarning nufuzli jurnallari Top Hot reytengining birinchi qatoriga necha marotaba qo`yilganining sanog`iga etib bo`lmaydi. Uning do`stlari va hamkasblari bilan bo`lgan ishqiy aloqalari haqidagi mish-mishlarning ham hisobi yo`q. Riannaning shaxsiy hayoti ijodi kabi silliq kechmadi. Uning sevgan yigiti Kris Braun bilan bo`lgan ishqiy munosabati ayanchli yakun topdi. Krisning Riannani do`pposlab, jinoiy jazoga tortilishi ularning ajrashishiga sabab bo`ldi. Shundan keyin Rianna haqida mish-mishlar bolalab ketdi. Ammo qo`shiqchi barcha uydirmalarni rad etib, butun olamga hozir yolg`izligini, hozircha his-tuyg`ularini erkak kishi uchun sarflashga tayyor emasligini bildirdi.

Sharliz Teron

Gollivudning eng go`zal malla soch xonimi 40 yoshga kirganiga qaramay, turmushga chiqmagan. U ikki ishqiy sarguzashtni boshdan kechirgan, ammo ularning har ikkalasi ham muvaffaqiyatsiz yakun topgan. U sakkiz yil mobaynida irlandiyalik Styuart Taunsend bilan fuqarolik nikohida yashagan, ammo ular to`y qilishga ulgurishmagan. Oradan to`rt yil o`tgach, aktrisa do`sti Shon Penn bilan sevishadi. Dunyoning barcha kino ixlosmandlari ularning to`yini intiqlik bilan kutadi, ammo bu safar ham ishqiy munosabatlar to`ygacha etib bormaydi. Bunga kuyov bo`lmishning tiyiqsiz xatti-harakatlari sabab bo`ladi.

Xolli Berri

Psixologlar Xolli Berrining sevgi bobidagi doimiy muvaffaqiyatsizliklarga uchrashiga sabab qilib, aktrisada o`zini qurbon qilish kompleksi borligi bilan izohlashmoqda. Xolli bolaligida otasi onasini kaltaklayotganini ko`rgan va ongsiz ravishda unda erkak-ayol munosabatlari shu ko`rinishda bo`ladi degan tushuncha paydo bo`lgan. U birinchi turmush o`rtog`i Erik Bene va keyingilari Uesli Snayps, Gabriel Obrilar bilan yashagan davrida ham boshi janjaldan chiqmagan. Hozirda bug`doy rangli bu go`zal yolg`iz bo`lib, yaqin orada turmushga chiqish niyati yo`q.

Naomi Kempbell

Naomi Kempbellning shaxsiy hayotini juda omadsiz kechdi deb aytish noto`g`ridir, chunki har doim uning yonida dunyoning eng mashhur va badavlat erkaklari bo`lgan. Shunga qaramay, 45 yoshli supermodelning birorta ishqiy munosabati to`y bilan yakunlanmagan. U rossiyalik oligarx Vladislav Doronin bilan ham besh yil ishqiy munosabatda bo`lgan, endi to`yga tayyorgarlik ko`rayotgan vaqtida Doronin yoshroq model bilan tanishib qoladi va o`z-o`zidan to`y to`xtatiladi. “Qora pantera”ning muhabbat bobidagi muvaffaqiyatsizligiga nima sabab bo`lgan bo`lishi mumkin? Uning jizzakiligimi? O`ta rashkchiligimi yoki “bir umrlik kelinchak” degan tamg`asimi? Demak, har doim ham go`zal tashqi qiyofa to`laqonli baxt garovi bo`la olmas ekan.

    Boshqa yangiliklar