Anchadan beri muxlislariga videoklip taqdim etmayotgan O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov aprel oyiga rejalashtirilgan konsertiga tayyorgarlik ko`rish barobarida yangi klip ustida ish boshlab yubordi.

San`atkorning Mavlono Lutfiy so`zlari bilan kuylangan yangi qo`shig`iga klip tasvirga tushirildi. “Jigi-jigi” qo`shig`iga ishlangan yangi klip yosh aktyorlar ishtirokida suratga olindi.

Tasvirga olish ishlari "Meni kuchliroq sev" qo`shig`i klipi ustida ishlagan "9999" studiyasiga topshirildi. Klip tez kunlarda telekanallar orqali namoyish etiladi.

Ozodbek Nazarbekov 10-20 aprel kunlari "Istiqlol" san`at saroyida o`zining "Mehring sabab" deb nomlangan yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi.






