Xonanda Lola "Darakchi" gazetasining “Onlayn-Yulduz” loyihasi mehmoni bo`lib, 1,5 soat mobaynida muxlislarining savollariga to`g`ridan-to`g`ri javob berdi. Xonanda bu vaqt oralig`ida 60 dan ortiq savollarga javob berishga ulgurdi.
Xususan, xonanda sobiq turmush o`rtog`ining farzandlariga bo`lgan munosabati haqida shunday dedi:
“Sobiq turmush o`rtog`imning farzandlarimga munosabati juda yaxshi. Har hafta oxirida dam olish kunlarini ular birga o`tkazishadi. Men esa bundan foydalanib maza qilib dam olaman(kuladi). Farzandlarim dadasi uylanganini to`g`ri qabul qilishdi. Ular katta bo`lib qolishdi, shuning uchun ham biz hech narsani yashirib o`tirmadik. Ota-ona baxtli bo`lsa, farzandlar ham baxtli bo`ladi.
Eng qizig`i, u uylanganidan so`ng ham o`g`lim va qizim dadasinikiga bajonidil borishyapti. Sababi, uning turmush o`rtog`i farzandlarimga juda yaxshi munosabatda. Hatto, farzandlarim uni yaxshi ko`rib, ‘Opajon’ deb chaqirishadi. Farzandlarimning ko`nglini olishga harakat qilayotgani uchun ham ‘Opajon’ga rahmat!”





