“O`zekspomarkaz”da oziq-ovqat sanoati va qishloq xo`jaligi sohasiga ixtisoslashgan “WorldFood Uzbekistan – 2016” va “AgroWorld Uzbekistan – 2016” xalqaro ko`rgazmalari ochildi.
Ko`rgazmalar O`zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo`jaligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar kengashi, “O`zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko`rgazma kompaniyaci hamkorligida tashkil etildi.
Ko`rgazmalarda Xitoy, AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Niderlandiya, Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Daniya, Polsha, Shvesiya, Slovakiya, Litva, Indoneziya, Malayziya, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari kabi 28 mamlakatdan bir yuz oltmishdan ziyod kompaniya ishtirok etmoqda.
“WorldFood Uzbekistan” va “AgroWorld Uzbekistan” ko`rgazmalari oziq-ovqat sanoati va qishloq xo`jaligi sohasining barcha zamonaviy yo`nalishlarini o`zida mujassam etgan. Unda oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, sovutish hamda restoran uskunalari, qadoqlar va qadoqlash texnologiyalari, parrandachilik, chorvachilik, veterinariya, donni qayta ishlash va saqlash, omixta em ishlab chiqarish uchun uskunalar, qishloq xo`jaligi texnikasiga oid ko`plab bo`limlar ishlab turibdi.
Ushbu ko`rgazmalar mamlakatimiz ishbilarmonlari va chet ellik hamkorlar o`rtasida muzokaralar o`tkazish, tajriba almashish, o`zaro hamkorlik istiqbollarini belgilash, ikki tomonlama manfaatli shartnomalar imzolash, xorijiy investisiyalarni jalb etish hamda O`zbekistonning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.





